Islombek Ismoilov: Pro ligadan Superligaga chiqish uchun to'rtta klub oxirigacha kurashsa kerak

Alisher
15 sen 2020
Pro liga 6-turi doirasidagi Dinamo - Turon (1:0) o'yinidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o'yin haqida to'xtalib o'tdi.

- Alamli mag'lubiyatga uchradik. Dinamo o'yinning so'nggi daqiqalaridagi xatomiz uchun jazoladi. Aslida o'yin durang bilan yakunlansa adolatdan bo'lardi, menimcha. Ko'rgan bo'lsangiz o'yinni oxirida biz ham hisobni tenglashtirish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega bo'lgandik. Bu futbol. Xatolarni to'g'irlashga harakat qilamiz.

Dinamo uzoq tarixga ega bo'lgan jamoa. Turon esa endi shakllanayotgan klub. Samarqand jamoasida tajribali murabbiylar, yaxshi futbolchilar yig'ilgan. Ularning ham o'z ambiciyalari bor. Biz ham o'z o'yin uslubimizga ega bo'lishimiz uchun vaqt talab etiladi. Bugun shunday o'yin ediki, qaysi jamoa gol ursa, o'sha yutib ketardi. Bu borada omad Dinamoga kulib boqdi. Umuman olganda jamoamiz o'yinidan qoniqdim.

Superliga uchun kimlar kurashadi? Hali endi 6-tur o'tdi. Ko'rib turibsiz, jamoalar orasida farq katta emas. Shu bois Superliga yo'llanmasi uchun jiddiy kurash kechishi aniq. Shu jumladan, Dinamo va Turon ham Superligaga chiqish uchun kurashadi. Qolaversa, peshqadam Sho'rtan klubi va Neftchi ham faqat Superligani ko'zlagan. Menimcha, mana shu to'rt klub o'rtasida chempionat oxirigacha jiddiy kurash kechsa kerak. Qolaversa, qolgan to'rt klub ham istalgan jamoani mag'lub eta oladi. Pro ligada klublar o'rtasida farq katta emasligi o'yinlarni keskin va qiziqarli o'tishiga sabab bo'lmoqda, - deydi Ismoilov.


AlisherMuallif
Manba: fcdinamo.uz