

“G'azalkent" o'z maydonida "Qo'qon"ni qabul qilmoqda va birinchi bo'limdayoq mezbonlar hisobni ochdi. Mamasovning zarbasidan so'ng mehmonlar darvozaboni to'pni qaytardi, ammo qaytgan to'pga birinchi bo'lib yetib kelgan Suhrob Sadirjanov darvozaga yo'lladi - 1:0!

Tanaffusga qadar jamoalar xavfli vaziyatlar bilan almashishdi. Lazizbek Mirzaev va Abdurahmon Abdullaevda ham imkoniyatlar bo'ldi, biroq "G'azalkent" ustunlikni oshira olmadi.
Ikkinchi bo'limda mezbonlar ikkinchi golni qidirishda davom etishdi. 68-daqiqada Sadirjanov yana muvaffaqiyatga yaqin keldi, ammo mehmonlar posboni o'z jamoasini qutqarib qoldi.
76-daqiqada esa "G'azalkent" ikkinchi goli urdi. Diyorbek Tojiev uzoqdan zarba berishga qaror qildi va to'pni darvozaga aniq joylab qo'ydi - 2:0.

Mezbonlar o'yinni to'liq nazorat qilayotgandek tuyulgandi, ammo oradan besh daqiqa o'tib "Qo'qon-1912" hisobdagi farqni qisqartirdi. Silvanus Nimeli gol urdi - 2:1.

So'nggi daqiqada "G'azalkent" darvozasiga kiritilgan to'p VAR’da ko'rib chiqildi, yakunda golni inobatga olmadi va hisob 2:1 bo'lib qoldi.
Bahs yakuni juda asabiy va keskin kechdi: almashtirishlar, hakam tomonidan qo'shib berilgan to'rt daqiqa va har bir to'p uchun kechgan qizg'in kurash.
Yakuniy hushtak - 2:1.

"G'azalkent" "Qo'qon-1912" ustidan g'alaba qozonib, O'zbekiston Kubogining chorak finaliga yo'l oldi.
Shahzoda Tojieva



