

22 mart kuni Pro liga jamoalari o'rtasida O'zbekiston chempionatining 2021 yilgi rasmiy musobaqalari start oladi. Shu munosabat bilan Neftchi futbol klubi bosh murabbiyi Ilhomjon Mo'minjonov bilan suhbatlashdik.
– Jamoani yil boshida qabul qilib oldingiz.Shu kungacha jamoa yangi mavsumga qanday tayyorgarlik ko'rganligi haqida qisqacha gapirib bersangiz.
– Jamoaning birinchi yig'ini Toshkentda bo'lib o'tdi, shundan keyin yanvar oyining o'rtalarida ikkinchi yig'in Farg'onada o'tkazilib, jamoa Hokim Kubogi musobaqasida ishtirok etdi. Turnir yakunlangach fevralda yana Toshkentga qaytdik. Hozirgi kunda esa oxirgi tayyorgarlik mashg'ulotlarini olib bormoqdamiz. Xullas, yig'inlarga keladigan bo'lsak, ko'p futbolchilarni jalb qilib,ko'rikdan o'tkazdik. Ularning ichidan o'zimning taktik sxemamga mos kelgan o'yinchilarni tanladim. Bugungi kunda 25 ta futbolchi ro'yhatga kiritildi. O'ylaymanki, bu yig'inlardan ko'nglim to'ldi.
– Navbahor klubini boshqargan paytda bu jamoani Superliganing eng peshqadam klublari safiga olib chiqqan edingiz. Farg'onalik futbol muxlislari ham buni hamon eslab yurishadi. Ilhomjon Ibragimjanovich o'sha ibratli ishni Pro ligada ham namoyish etsa kerak, degan fikr bildirishmoqda. Bunga nima deysiz?
– Navbahorga keladigan bo'lsak, bu jamoada ikki mavsum mobaynida faoliyat olib bordim va ajoyib natijaga erishdim deb o'ylayman. Murabbiylar shtabi bilan yayrab, quvnab ishladik. Navbahorda qilingan ibratli ishlarni Neftchida ham amalga oshiramiz. O'ylaymanki, bu yilgi Pro liga oson bo'lmaydi. Chunki raqobat kuchayib yotibdi. Farg'onalik muxlislarimiz duo qilib turishsa, Navbahordagi g'olibona o'yinlarimizni namoyish etib, Neftchi uchun Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritamiz.
– Pro ligada 22 mart kuni yangi mavsum musobaqalarini Neftchi Toshkentning Olimpik jamoasi bilan boshlab beradi. Futbolchilarimiz bu jamoa bilan poytaxtda bo'lib o'tgan nazorat uchrashuvida g'alaba qozonisha olmagan. Oradan biroz vaqt o'tdi. Endilikda holat qalay?
– 22 mart kuni Neftchi va Olimpik bahsi Pro liga chempionatini ochib beradi. Bu uchrashuvga e'tibor juda kuchli. Chunki, bellashuv bevosita televidenie orqali jonli efirda namoyish etiladi. Yaxshi o'yin bo'ladi. Olimpik jamoasiga eng kuchli 18-20 yoshli terma jamoa a'zolari jalb qilingan. Ularning maqsadlari ham Superligaga yo'l olish. To'g'ri, bu jamoaga fevralda bo'lib o'tgan nazorat uchrashuvida yutqazib qo'ygandik. Lekin, bu o'rtoqlik bahsi bo'lganligi bois biz futbolchilarni rotaciya (almashtirib-sinash) qilib o'ynatdik. Shuning uchun yig'inlar mobaynida biz natijalarga qaraganimiz yo'q. Mana shu 3 oy ichida olib borgan tayyorgarligimiz natijasini 22 mart kuni yigitlarimiz o'z kuchi bilan ko'rsatadi, degan umiddaman.
– Neftchining asosiy maqsadi 2021 yilgi mavsumda Superligaga yo'l olish. Bu katta maqsadni amalga oshirish yo'lida jamoaga qanday imkoniyat va sharoitlar yaratib berilgan.
– Bu yil Neftchiga hamma sharoitlar yaratib berilgan. Toshkent va Farg'onadagi yig'inlarimizda hamma imkoniyatlarga ega bo'ldik. Buning uchun rahbariyatdan juda juda minnatdormiz. Jamoaga kerakli o'yinchilarni oldik. Maqsad bitta – Superligaga chiqish. Muxlislar oldida yuzimiz yorug' bo'lishi uchun murabbiylar shtabi bilan faqat g'alaba uchun astoydil mehnat qilamiz.
– Yangi mavsum oldidan muxlislarga tilaklaringiz.
– Bilasiz, Neftchi jamoasining muxlislari o'tgan yilgi holatdan keyin 3 ta o'yinga diskvalifikaciya qilingan. Bulardan 1 tasi o'tib bo'ldi. Hozirgi kunda 2 ta uy o'yinimizni muxlislarsiz o'tkazishga majburmiz. Ha, muxlislarsiz qiyin bo'ladi. Chunki, muxlislar bilan o'ynalganda futbolchi va murabbiylarda adrenalin (madad) olish turgan gap. Endi muxlislarimiz faqat 5-turda Xorazm klubini qabul qilganimizda stadionda ishtirok etishadi.
Muxlislarga tilaklarim shuki, hamisha Neftchini qo'llab-quvvatlashsin.Shu paytgacha Neftchi Pro ligaga tushib ketgan bo'lsa ham fidoyi muxlislari doimo birga bo'lishdi.Men ham buni sezib turdim. O'ylaymanki,bu yil ham muxlislarimiz stadionni to'ldirib,safar o'yinlarimizga ham borishadi. Chunki ular bizga dalda bo'lib turishadi.
Biz esa faqat muxlis uchun o'ynaymiz. Shuning uchun, qadrdon muxlislarimizdan iltimos qilib qolaman,har bir o'yinimizni stadionga kelib,biz bilan hamnafas bo'lib, yigitlarimizni ruhan qo'llab-quvvatlab, madad berib turishsa nur ustiga a'lo nur bo'lardi.
Hammalariga omad va sihat-salomatlik tilayman.



