Ildar Sakaev: "10 ta o'yin, 10 ta mag'lubiyat? Har qanday seriyaning oxiri bor"

Aslanov Jasurbek
28 apr 2026, 01:24
"Mashal" hamda "Buxoro" o'rtasidagi Superliganing 10-tur bahsidan so'ng mezbonlar ustozi Ildar Sakaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Ildar Sakaev: “Mag'lub bo'ldik. “Buxoro”ni ko'p o'rgangan edik. Ketma-ket 10 mag'lubiyat bu juda yomon.

- Abubakarning chetlatilishiga munosabatingiz?

- O'yin vaziyati edi. U atayin fol qilishni xohlagani yo'q. Futbolchi charchasa xato qilishni boshlaydi. Chetlatilish bo'lmaydi deb umid qilgandim, chunki bizda 7-8 nafar futbolchimiz jarohatlangan. Mag'lubiyatda biror futbolchini aybdor qilib bo'lmaydi, bu jamoaning muvaffaqiyatsiligi. Imkoniyatimizdan kelib chiqib kurashdik. Futbol kontaktli sport turi. Kurashlar bo'lishi tabiiy.

- 10 ta o'yin, 10 ta mag'lubiyat. Jamoani bunday ruhiy holatdan chiqarishning iloji bormi?

- Bu mag'lubiyatlarda hammamiz aybdormiz. Bu vaziyatdan chiqish qiyin, ammo har qanday seriyaning oxiri bo'ladi. Taslim bo'lish kerak emas.

- “Mashal” bugun avvalgi 9 ta bahsdan yaxshiroq o'ynadi, biroq hujumda omad yetishmadi. Ayagva zaxiradan tushdi, ammo uning jismoniy holati yaxshi emasligi bilinib qoldi.

- Bizda 8 nafar futbolchi jarohat olgan. Imkoniyatdan kelib chiqib futbolchilarni maydonga tushiryapmiz. Resurslarimiz chegaralangan, shu sababli o'yinda muvozanatni ushlay olmadik. Futbolchilar nafaqat jismoniy balki ruhan ham og'ir holatda.

- Jarohatlanganlar ko'p ekan, kelasi bahslarda yoshlar jamoasidan futbolchilar chaqiriladimi?

- Albatta. Ichki resurslardan foydalanishimiz kerak.

- JCH-2026 paytida Superligamizda tanaffus paydo bo'ladi. Bu vaqtdan unumli foydalanish uchun rejalaringiz bormi?

- Bu vaqtdan jarohatlanganlarni safga qaytishi uchun harakat qilamiz, ichki manbalarimizdan yaxshi futbolchilarni o'stirib, ularni asosiy jamoaga jalb qilishga urinamiz.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia