Futzal. O'zbekiston MTJ Ozarbayjon bilan o'rtoqlik o'yinlari o'tkazadi

Tolibjon Qosimov
7 yanv 2020
Shu yilning 26 fevralidan 8 martiga qadar Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida futzal bo'yicha Osiyo chempionati-2020 bahslari bo'lib o'tadi.

Qita birinchiligiga tayyorgarlikning so'nggi bosqichini boshlash arafasida turgan O'zbekiston milliy terma jamoasi Yevropaning kuchli terma jamoalaridan biri hisoblangan Ozarbayjon bilan ikkita o'rtoqlik o'yini o'tkazish borasida kelishuvga erishdi. Uchrashuvlar 21 va 23 yanvar kunlari Ozarbayjonda bo'lib o'tadi. Kelishuvga ko'ra, har ikki jamoa o'zining eng kuchli tarkibi bilan to'p tepadi.

Bahodir Ahmedov boshchiligidagi O'zbekiston terma jamoasi Ozarbayjonga 19 yanvar sanasida uchib ketadi.

Eslatib o'tamiz, Ozarbayjon ayni paytda jahon reytingida 1409 ochko bilan 13-pog'onada bormoqda. Vakillarimiz esa 1208 ochko to'plagan holda Slovakiya bilan birga 26-o'rinni bo'lishib turishibdi.



Osiyo chempionatida 16 terma jamoa 4 guruhga bo'lingan holda g'oliblik uchun kurash olib borishadi. Bahodir Ahmedov boshchiligidagi O'zbekiston MTJ "C" guruhida Bahrayn, Xitoy hamda Indoneziyaga qarshi bahs olib boradi.

Qitaning eng kuchli 5 jamoasi Litvada bo'lib o'tadigan to'qqizinchi mundialga yo'llanmani qo'lga kiritadi.


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia