Futzal. Bugundan Oliy liga 2-turga start beriladi

Iskandarov Abdulaziz
28 sen 2025
Andijon shahridagi muhtasham “Universal” sport majmuasida bugun futzal bo'yicha O'zbekiston milliy chempionati – Oliy liganing 2-tur uchrashuvlari start oladi.

 Mamlakatimizning eng kuchli 18 jamoasi olti kun mobaynida vodiylik futzal ishqibozlari diqqatiga shiddatli o'yinlarni taqdim etishadi. Turning dastlabki uchrashuvida besh karra mamlakat chempioni – Olmaliq shahrining OKMK jamoasi Termizning "Surxon" jamoasini imtihondan o'tkazadi. Uchrashuv soat 15:00 da boshlanadi. 

Soat 17:00 da amaldagi chempion BMB PFC Farg'onaning “Neftchi” klubiga qarshi saf tortadi. Mazkur bahsda ham muxlislar murosasiz o'yinning shohidi bo'lishlari aniq.

 Kunning so'nggi uchrashuvi esa soat 19:00 da start oladi va unda "Qizilqum" hamda "Lokomotiv" jamoalari o'rtasidagi qiziqarli o'yinni tomosha qilamiz. 2-turning barcha uchrashuvlarini Siz O'FFning You Tube kanali orqali jonli tarzda kuzatib borishingiz mumkin. 

Shuningdek, "Sport-TV" ijodiy birlashmasi "Futbol-TV" telekanali kunning birinchi o'yinini to'g'ridan-to'g'ri, qolgan ikkita bahsni esa yozib olingan holda ko'rsatishni reja qilgan. Shu o'rinda eslatib o'tamiz, "Universal" majmuasiga kirish mutlaqo bepul. 


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia