Futzal bo'yicha JCH ishtirokchilaridan ma'lum bo'lmagan faqat ikkita jamoa qoldi

Xayrulla Xoliqov
13 may 2021
Shu yilning kuzida Litvada futzal bo'yicha navbatdagi jahon chempionati bo'lib o'tadi.

Quvonarlisi, ushbu musobaqada O'zbekiston futzal terma jamoasi ham ishtirok etadi. O'tgan yil futzal bo'yicha Osiyo chempionati o'tkazilishi hamda bu musobaqa JCHga yo'llanma berishi lozim edi. Biroq koronavirus tufayli Turkmaniston musobaqaga mezbonlik qilishdan bosh tortdi. So'ngra Quvaytga berildi va Quvaytda ham virus sabab o'tkazilmay qoldi. 

Natijada OFK musobaqani o'tkazmaslikka qaror qildi va terma jamoalarning reytingda tutgan o'rniga qarab jahon chempionatiga borishini aniqlab olishga kirishdi. Ma'lumki, FIFA OFK uchun 5ta yo'llanma ajratgan va hozirda mundialda ishtirok etadigan Osiyoning 3 terma jamoasi aniq: Eron, Yaponiya va O'zbekiston. Yana ikkita jamoa pley-off bahslaridan so'ng ma'lum bo'ladi. 

OFK pley-off bosqichida Iroq - Tailand va Vetnam - Livan terma jamoalari o'zaro kurash olib boradi. O'yinlar uy-mehmon tarzida o'tkaziladi. Dastlabki bahslar 20 may, javob uchrashuvlari 25 mayga belgilangan. Ushbu ikkita juftlikda o'zini ko'rsatgan ikki jamoa ham jahon chempionatiga yo'l oladi. 


KONKAKAFda saralash bahslari o'tkazildi

Yaqinda KONKAKAF mintaqasida JCHga chiqish uchun saralash bahslari o'tkazildi. Bo'lib o'tgan o'yinlar natijasiga ko'ra, Litvaga boradigan yana to'rt jamoa ma'lum bo'ldi. Bular - Kosta-Rika, Guatemala, Panama va AQSH.   

Litvadagi jahon chempionati shu yilning 12 sentyabr - 3 oktyabr kunlari o'tkaziladi. Musobaqaga Litvaning uchta shahri - Vilnyus, Kaunas hamda Klaypeda mezbonlik qiladi. Futzal bo'yicha jahon chempionatida jami 24ta terma jamoa qatnashadi. Jamoalar to'rttadan 6 guruhga bo'linadi.


Futzal bo'yicha JCH-2021 ishtirokchilari: 

Yaponiya

Eron

O'zbekiston

Angola

Misr

Marokash

Argentina (amaldagi chempion)

Braziliya

Paragvay

Venesuela

Solomon orollari

Litva (mezbon)

Qozog'iston

Portugaliya

Rossiya

Ispaniya

Chexiya

Serbiya

Kosta-Rika

Panama

Guatemala

AQSH

P.S. Yana 2ta jamoa OFK pley-off o'yinlaridan so'ng ma'lum bo'ladi.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia