

Sinovlar 4 aprel kuni Kanadada yangi mavsum boshlanishi bilan yo'lga qo'yiladi. Ushbu qaror avvalroq IFAB yig'ilishida maqullangan edi, endi esa FIFA tomonidan rasman tasdiqlandi.
"Venger ofsaydi" nima degani?
Arsen Venger taklif qilgan qoidaga ko'ra, agar hujumchining gol urishi mumkin bo'lgan biror bir tana a'zosi himoyachi bilan bir chiziqda bo'lsa, qolgan qismi oldinda bo'lsa ham, ofsayd hisoblanmaydi. Ofsayd faqat hujumchining butun tanasi oxirgi himoyachidan o'tib ketgan taqdirdagina qayd etiladi. Bu qoida hujumkor futbolni rag'batlantirish va bahsli vaziyatlarni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Murabbiylar so'rovi (FVS) tizimi
Ushbu tizim murabbiylarga gol, penalti yoki to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka kabi muhim vaziyatlarda hakamdan videotakrorni ko'rishni so'rash imkonini beradi. Har bir jamoa uchun so'rovlar soni cheklangan bo'ladi. Bu tizim VAR"ning muqobil va arzonroq ko'rinishi sifatida ko'rilmoqda.
Arsen Venger ushbu loyiha haqida shunday dedi: "Bu muhim pilot loyiha hisoblanadi. Yangi talqinni professional musobaqalarda sinab ko'rish orqali biz o'yin dinamikasi va hujumkor futbolga ta’sirini yaxshiroq tushunib olamiz".



