Farg'ona viloyati hokimi Qo'qon 1912 futbol klubi markaziy o'yingohida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Khoja
1 fev 2025
Farg'ona viloyati hokimi Xayrulla Xayitboevich Bozarov Qo'qon-1912 jamoasiga qarashli markaziy stadionga tashrif buyurdi.

Tashrifdan maqsad bu yilgi superliga musobaqasida viloyatimiz sharafini himoya qiladigan Qo'qon-1912 jamoasining mavsumga tayyorgarlik jarayonlari, stadionda yaratilgan sharoitlar va kamchiliklarni o'rganib, to'planib qolgan muammolarni bartaraf qilish bo'ldi.

Viloyat hokimiga Qo'qon shahar xokimi Marufjon Usmonov hamda viloyat sektorlarining rahbarlari va boshqa mas'ul tashkilotlar rahbarlari hamroh bo'lishdi.

Qo'qon-1912 jamoasi rahbari Akramjon Mamadaliev viloyat hokimini stadionda bajarilgan va bajarilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish bilan birgalikda, O'zPFL talablarini bajarish yo'lida duch kelinayotgan muammolarni batafsil tushuntirib o'tdilar. Stadion yoritgichlarini talab darajasiga keltirish, yugurish yo'lakchasini suniy chim bilan qoplash, kiyim almashtirish xonalari hamda koridorlarni sport releniumi bilan qoplash, maydon chimiga ishlov beruvchi texnikalar xarid qilish, stadion atrofini yangitdan asfaltlash, elektron tabloni yangilash kabi masalalar jamoa rahbariyati tomonidan ko'tarildi.

Viloyat xokimi o'tgan davr mobaynida markaziy stadionda qilingan ishlarga yuqori baho berish bilan birgalikda, yana qilinishi lozim bo'lgan ishlar yuzasidan maslahatlarini berib o'tdi.

Markaziy stadionda bo'lib o'tgan yig'ilishda X. X. Bozarov yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni tezlik bilan bartaraf etish yuzasidan mas'ullarga topshiriq berib, Qo'qon-1912 jamoasi bu yilgi futbol mavsumini o'z muxlislari qarshisida o'tkazishi lozimligini ta'kidlab o'tdilar. Shuningdek viloyat xokimi tomonidan jamoaning moliyaviy tomondan qo'llab quvvatlash borasida ham mas'ul rahbarlarga ko'rsatma va topshiriqlar berildi. Jamoa tarkibini yoshartirish, mahalliy yoshlarga e'tibor berish, futbolchilarning jismoniy holatlarini yaxshilash borasidagi ishlar olib borilishi lozimligi aytib o'tildi. Qo'qonda raqobatbardosh jamoa shakllantirish, mehmonga kelgan har qanday jamoaga qarshi munosib o'yin ko'rsatadigan, asosiysi muxlislarni o'z o'yinlari bilan xursand qiladigan jamoa tuzish lozimligi takidlandi.

Tashrif so'nggida klub rahbari Akramjon Mamadaliev tomonidan Farg'ona viloyati hokimiga Qo'qon-1912 jamoasining yangi mavsumda maydonga kiyib tushadigan libosi taqdim etildi.


KhojaMuallif
Manba: @FCKOKAND