Evro-2020. Bugun "moviy gvardiya" "qizil furiya"ga qarshi saf tortadi (prevyu)

Sherzod Nurmatov
6 iyul 2021
Londondagi "Uembli" o'yingohida Yevropa chempionati yarim finalidan o'rin olgan Italiya – Ispaniya to'qnashuvi bo'lib o'tadi.

Italiya Turkiya va Shveytsariyani yirik hisobda mag'lub etdi. Uelsni esa zaxira tarkibi bilan yutib, ishonchli tarzda guruh bosqichidan chiqdi. Birinchi qiyinchilik pley-offda yuzaga keldi. Kuchli pressing qo'llagan Avstriya overtaymgacha chidadi. Roberto Manchinininig samarali almashtirishlari o'yinni o'zgartirdi. "Skuadra adzurra" Belgiyaga qarshi chorak final o'yinida ikkita tezkor gol urdi va bahsli penaltidan gol o'tkazib yubordi. Ikkinchi bo'lim davomida esa o'z ustunligini ko'rsatib, munosib himoyalandi.

Luis Enrikening Ispaniya terma jamoasi qaysidir manoda "sirli jamoa" sifatida ko'rilmoqda. Jamoa guruh bosqichida Shvetsiya va Polsha bilan durang o'ynaganidan so'ng Slovakiyani 5:0 hisobida taslim qildi va 1/8 finalga yo'l oldi. Terma ushbu bosqichda ham yana beshta gol urdi, ammo Xorvatiyani siqib chiqarish uchun qo'shimcha taym kerak bo'ldi. Chorak finalda bir qator imkoniyatlarni qo'ldan boy berdi va ozchilikda o'ynagan Shveytsariya bilan "lotereya" (penaltilar seriyasi)ga murojaat qilib, g'olib chiqdi.  Endilikda Italiya singari yuqori toifadagi raqib ispaniyaliklarni o'zlarining eng yaxshi futbollarini namoyish qilishga undashi mumkin.

Yo'qotishlar xususida

Italiya Belgiyaga qarshi o'yin paytida Leonardo Spinaccolani yo'qotdi va bu Roberto Manchini uchun juda katta muammo. "Roma" himoyachisi butun turnir davomida kosmik saviyasini namoyish qildi, boshidan oxirigacha butun qanotni qamrab oldi va ikki uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb tan olindi. Leonardo jarohat tufayli kamida yarim yilga safdan chiqdi. Shuningdek, jamoaga Alessandro Florenci yordam bera olmaydi.

Ispaniyada esa yarim finalda jamoasiga yordam bera olmaydiganlar yo'q desa ham bo'ladi, ammo Pablo Sarabiyaning ishtiroki so'roq ostida – u son qismidan jarohat olgan.

O'zaro to'qnashuvlar

- 2016 yilgi so'nggi Evro'da Italiya va Ispaniya terma jamoalari to'qnash kelishgan. "Moviy gvardiya" 1/8 finalda "qizil furiya"dan ustun kelgan – 2:0.

- Shundan so'ng raqiblar Jahon chempionati saralashida ikki marta o'ynashgan – bittasida durang qayd etilgan bo'lsa, bittasida Ispaniya yirik hisobda zafar quchgan – 3:0.

- Jamoalar 37 marta to'qnash kelishgan: har ikki terma jamoa 11 marta g'alabaga erishgan, yana 15 uchrashuv durang bilan yakunlangan. 

- Evro'dagi oltita uchrashuvda Italiya ikki marta, Ispaniya bir marta g'alaba qozongan.

- Ular ketma-ket to'rtinchi Yevropa chempionatida o'zaro o'yin o'tkazishyapti.

- Ispaniya Yevropa chempionati yarim finalida uch marta g'alabaga erishgan va bir bor mag'lub bo'lgan. Ispaniyaning statistikasi – 4/0.

- Italiya bir bor Evro'ni yutgan (1968 yil) va ikki marta finalda o'ynagan. Ispaniya uch marta Kubokni qo'lga kiritgan.

- Ispaniya - raqib darvozasi tomon zarba berish bo'yicha turnir yetakchisi (5 o'yinda 227 zarba).

Taxminiy tarkiblar

Italiya: Donnarumma – Di Lorenco, Bonuchchi, Kellini, Emerson – Barella, Jorjino, Verratti – Keza, Immobile, Insine

Ispaniya: Unai Simon – Aspilikueta, Pau Torres, Lyaport, Jordi Alba – Koke, Buskets, Pedri – Ferran Torres, Morata, Dani Olmo

Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Manchini: "Ispaniya Belgiyadan farq qilishiga qaramasdan, oson o'yin bo'lmaydi. Ispaniya ko'p yillar yetakchilik qildi. Hozir ularda avlodlar almashdi, jamoa yoshroq, ammo hamon qoyilmaqom o'yinchilari va ajoyib murabbiyi bor". 

Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis Enrike: "Ikki jamoa ham o'yinda bir-biridan ustun ko'rinmaydi. Bu kurashda kim g'olib chiqishi qiziq. Italiyada yuqori darajadagi futbolchilar ko'p, ammo asosiysi – ular haqiqiy jamoa. Ular xuddi biz kabi jamoaviy himoyalanib, jamoaviy hujumga o'tadi. Italiya yuqori pressingni qo'llayapti, bu oldingi Italiya termasiga xos emas. Ular ko'p jihatdan kuchli, shunday ekan, qiziqarli bahs ko'ramiz". 

Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadigan qarama-qarshilikni aslo o'tkazib yubormang!

 Sherzod Nurmatov tayyorladi. 


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia