Elyor Akbarov: "Neftchi"ga qarshi o'ynash men uchun oson emas"

Narzulla Saydullayev
3 mar 2019
Xabaringiz bor, kuni kecha Farg'ona shahrining ikki jamoasi, "Neftchi" hamda "Istiqlol" jamoalari o'rtasida yangi mavsum oldidan nazorat uchrashuvi tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvdan so'ng "Istiqol" futbolchisi Elyor Akbarovdan saytimiz uchun intervyu tashkil etdik.

- Yangi mavsumga munosib tayyorgarlik ko'rish maqsadida jamoamiz bir nechta o'rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etdi. Jumladan bugun ham Farg'ona derbisida maydonga tushdik. "Istiqlol" har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko'radi va g'alaba uchun maydonga tushadi. "Neftchi"dek boy tarixga ega jamoaga qarshi maydonga tushish bizni xursand qilmasdan qolmaydi. Lekin, masalaning ikkinchi jihati borki, shaxsan o'zim uchun "Neftchi"ga qarshi o'ynash, bu jamoa darvozasiga gol urish oson emas. Sababi "Neftchi" mening sobiq jamoa hisoblanadi, shu bois mazkur jamoaga qarshi o'yinlar men uchun o'zgacha ruhda o'tadi.



"Istiqlol" jamoasi yangi mavsumda ham o'z oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo'yadi. O'tgan yillarda qo'lga kiritilmagan natijani nasib etsa 2019-yilgi mavsumda uddalamoqchimiz.

Bugungi o'yinda eski jarohatim tufayli maydonni erta tark etishga majbur bo'ldim. Klubimiz shifokorlari bilan jarohatim borasida gaplashdik, xavfli emas ekan, 10 kun ichida maydonga qaytaman. Yangi mavsumda raqiblar darvozasiga ko'proq gollar urib, jamoamiz g'alabalariga o'z hissamni qo'shmoqchiman - deydi Elyor Akbarov

Bekzod Tolibov yozib oldi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia