YCHL. Irqchilikka duch kelgan “Istanbul” murabbiyi o'yin boshidan hakamlarni haqoratlagani ma'lum bo'ldi

Eldor Akmurzayev
9 dek 2020
Chempionlar Ligasi 6-turidan o'rin olgan PSJ – “Istanbul” o'rtasidagi bahs irqchilik bilan bog'liq holat yuzaga kelgani tufayli to'xtatilgandi.

Bahs 1-bo'limida zaxira hakami Sebastian Kolceskunning mehmon jamoaning yordamchi murabbiyi Per Veboga nisbatan “negru” (rumin tilidan tarjima qilinganda qora manosini beradi) so'zini ishlatgani sabab katta mojaro kelib chiqqan. Bosh hakam Ovidiu Xacegan zaxira hakamidan “Istanbul” murabbiylar shtabidan kimni chetlatish haqida so'raganida u “negru” deb javob bergan. Shundan so'ng, o'yin to'xtagan. Oradan 10 daqiqa o'tib “Istanbul” futbolchilari kiyim almashtirish xonasiga yo'l olgan va keyin PSJ a'zolari ham shu yo'lni tanlagan.

Jurnalist Emanuel Roshaning manbasiga ko'ra, Vebo uchrashuvning 2-daqiqasida boshlab hakamlarni “lo'lilar” deb haqorat qilgan. Qayd etish joiz, UEFA Veboga ko'rsatilgan qizil kartochkani bekor qildi.

Eslatib o'tamiz, PSJ – “Istanbul” o'rtasidagi o'yin bugun 22:55 da to'xtatilgan vaqtidan, aniqrog'i, 14-daqiqadan boshlab davom ettiriladi.


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: sport24.ru