Dinamo 4 nafar futbolchi bilan shartnomani uzaytirdi

Alisher
26 yanv 2021
Yangi mavsumga Hakim Fuzaylov qo'l ostida tayyorgarlik ko'rayotgan Dinamo jamoasi tarkibni kuchaytirish ishlarini boshlab yubordi.

Ikki haftadan buyon Samarqandda mashg'ulotlar o'tkazayotgan jamoa safida bir qator futbolchilar ko'rikda ishtirok etmoqda. Murabbiylar shtabi aksariyat futbolchilar masalasida aniq qarorga kelgach, klub bir qator futbolchilar bilan shartnoma imzolab, aksariyati bilan kelishuvni uzaytirdi.

Xususan, Dinamo jamoasi safida 2020 yilgi mavsumda ham to'p surgan himoyachi Obid Jo'raboev, Komil Sharofutdinov, Muhammadqodir Hamraliev, darvozabon Farhod Rahmatov bilan shartnoma uzaytirilib, futbolchilar 2021 yilda ham Dinamo safida qoladigan bo'lishdi. Shuningdek, amalda shartnomasi bo'lgan yarimhimoyachi Shoxruh Abdurahmonov ham yangi mavsumni Dinamo safida boshlaydi.

Dinamo bilan 2021 yilning iyul oyiga qadar shartnomasi bo'lgan darvozabon Botirali Ergashev bilan amaldagi kelishuv ikki tomonning roziligi bilan bekor qilingani bois, futbolchi jamoa bilan xayrlashdi. Dinamo PFK Botirali Ergashevning keyingi faoliyatiga omad va zafarlar tilab qoladi.

Ma'lumot uchun, Dinamo jamoasi kuniga ikki mahaldan mashg'ulotlar o'tkazmoqda. Jismoniy tayyorgarliklar Olimpiya stadioni zalida o'tkazilayotgan bo'lsa, mashg'ulotlar Charxin va Samarqand tumanidagi BO'SM maydonida o'tkazilmoqda.


AlisherMuallif
Manba: "Динамо" матбуот хизмати