Dilshod Nuraliev: "Nukusdagi o'yindan qoniqmadim, lekin natija bor"

Narzulla Saydullayev
20 apr 2018
Pro-liganing 3-turida Termizning "Surxon" jamoasi Nukusda "Orol"ni yirik 4:1 hisobida taslim qildi. Biz uchrashuvdan so'ng mehmonlar ustozi Dilshod Nuraliev bilan suhbatlashdik.

- O'yin haqida qanday fikrdasiz?
- Uchrashuv oson kechmadi. Biz doim tabiiy maydonda to'p surardik, bugun esa suniiy maydonda o'ynadik. Balki shu boisdir o'yinimiz unchalik ham chiqmadi. Lekin baribir yigitlarga rahmat. 4:1 hisobidagi natijani qo'lga kiritganlari uchun. O'yindan ko'nglim to'lmadi, biroq natija bor. Shuning uchun ham yigitlarga katta rahmat aytaman.

- "Surxon" jamoasining oldiga qanday maqsad qo'yilgan?
- Oldimizga iloji boricha yuqori natijani ko'rsatish qo'yilgan. Superligaga chiqishni vaqt ko'rsatadi. Menimcha bunday o'yin bilan bizga qiyin bo'ladi. Hali futbolchilarning o'zaro bir-birlarini tushinishlari qiyin bo'lyapti. Ozgina vaqt kerak bizga.

- Nukusda yirik hisobda g'alaba qozonishingizni kutganmidingiz?
- G'alaba qozonishga harakat qilamiz deb kelgan edik. Chunki oldimizga shunday vazifa qo'yilgan edi. Suniy maydonda o'ynash bizlar uchun qiyin bo'ldi. Lekin yirik hisobda yutamiz deb o'ylamagan edim.


- "Orol" jamoasidan kimni alohida etirof etgan bo'lardingiz?
- Men "Orol" jamoasining o'yiniga qaramadim. Chunki o'zimning jamoamga ko'proq e'tibor berdim. Nukusliklardan hech kimni alohida etirof etolmayman. Lekin Navro'z Alimovni yaxshi bilganim uchun, unga alohida e'tibor qaratdik. Chunki u ikkinchi qavatlarda yaxshi kurashadi, to'p bilan yaxshi muomala qila oladi.

 - Farxod Todjievning o'yinidan ko'nglingiz to'ldimi?
- Yo'q. Men hech bir shogirdimning o'yinidan qoniqmadim. Chunki hali ko'p ishlashimiz kerak.

Furqat Yusupov yozib oldi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia