CAFA Konressi o'tkazildi. Rustami Emomali assotsiatsiya prezidenti etib qayta saylandi, Ravshan Ermatov esa...

Sherzod Nurmatov
2 may 2023, 15:24
Bugun, 2 may kuni Dushanbeda Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasining sakkizinchi Kongressi bo'lib o'tdi.

Dushanbeda bo'lib o'tgan CAFA Kongressida FIFA prezidenti Janni Infantino, OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa, Tojikiston, Eron, O'zbekiston, Turkmaniston, Afg'oniston va Qirg'iziston futbol federatsiyalari rahbarlari va delegatlari, shuningdek, FIFA va OFK vakillari ishtirok etishdi.  

Unda Tojikiston futbol federatsiyasi prezidenti Rustami Emomali yangi to'rt yillik muddatga CAFA prezidenti etib qayta saylandi.

Bugungi Kongressda Afg'oniston futbol federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Korgar va Turkmaniston futbol federatsiyasi prezidenti Arslan Aynazarov CAFA vice-prezidenti etib saylanishdi. O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov esa ushbu lavozimdan o'z nomzodini qaytarib oldi. 

Ma'lumot o'rnida, O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov 1 fevral kuni Bahraynda bo'lib o'tgan OFK 33-Kongressida tashkilot Ijroiya qo'mitasining Markaziy Osiyo mintaqasi vakili sifatida saylangan edi.

Eron futbol federatsiyasi bosh kotibi Hidoyat Mombeni yangi CAFA Ijroiya qo'mitasiga, Qirg'iziston futbol ittifoqi vice-prezidenti Dastanbek Qo'noqboev esa Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi nomidan Osiyo futbol konfederatsiyasi Ijroiya qo'mitasiga a'zo bo'ldi.  


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia