"Bunyodkor" stadioniga tegishli hududda ko'p qavatli binolar qurilishi mumkin

Оқил Абдубарноев
17 may 2026, 18:28
So'nggi kunlarda Toshkentning "Bunyodkor" futbol klubi atrofida qator muammoli va bahsli vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Jamoa nafaqat moliyaviy inqirozni boshdan kechirmoqda, balki klubning infratuzilmasi bilan bog'liq jiddiy o'zgarishlar xavfi ostida ham qolgan.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalayotgan ma'lumotlarga ko'ra, "Bunyodkor" stadioniga tegishli bo'lgan er uchastkalari tijorat maqsadlarida qurilish ishlari uchun sotilmoqda. Xususan, gap stadionning yirik avtoturargoh hududi va "Bunyodkor" futbol akademiyasiga qarashli maydonlar haqida ketmoqda. Mazkur sport inshootlari va avtoturargohlar o'rnida baland qavatli tijorat binolari qurilishi rejalashtirilgan bo'lib, bu boradagi arxitektura loyihalari allaqachon jamoatchilikka e'lon qilingan. Buning ortidan klubning sport bazasi sezilarli darajada qisqarib, faqatgina asosiy binolar atrofiga siqib qo'yilishi mumkin.

photo_2026-05-17_10-27-27.jpgphoto_2026-05-17_10-27-28.jpg

Klub infratuzilmasidagi bunday yo'qotishlar va o'zgarishlar jamoadagi chuqur moliyaviy inqiroz fonida yuz bermoqda. Joriy yilda jamoaning asosiy moliyaviy manbasi bo'lgan "O'zbekneftgaz" kompaniyasi klubga homiylik qilishni to'xtatgan. Ushbu qaror "Bunyodkor"ning kundalik faoliyatiga hamda futbolchilar va ishchi-xodimlar oldidagi maosh majburiyatlarini bajarishiga katta zarba berdi.

Moliyaviy muammolar sababli klubning sobiq legionerlari, xususan, braziliyalik yulduz Rivaldo oldidagi ko'p yillik qarzdorlik masalasi yana keskinlashdi. Yaqinda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) "Bunyodkor" klubiga rasmiy ogohlantirish xati yubordi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent klubi rasmiy bayonot bilan chiqdi va vaziyatning qanchalik jiddiy ekanligini tasdiqladi.

Klub bayonotida keltirilishicha, FIFA "Bunyodkor"ga Rivaldo Ferreyra oldidagi belgilangan qarzdorlikning navbatdagi transhini to'lash uchun 30 kunlik muddat bergan. Agar mazkur muddat ichida ushbu mablag'lar to'lanmasa, klubga nisbatan yangi futbolchilarni ro'yxatga olishni taqiqlovchi transfer ban jazosi qo'llanilishi ma'lum qilingan.

Xulosa o'rnida takidlash joizki, bir vaqtlar Osiyoning eng nomdor va badavlat klublaridan biri bo'lgan "Bunyodkor" bugungi kunga kelib ham moliyaviy, ham infratuzilmaviy jihatdan o'z tarixidagi eng og'ir sinovli davrlardan birini boshdan kechirmoqda.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif