Bundesliganing karantin rejimidagi qiyofasi va dahshatli menyu - Shahboz Beg'amov

9 may 2020, 06:21
Germaniya futboliga ixtisoslashgan sport jurnalisti Shahboz Beg'amov Bundesliga restarti va karantin davridagi chempionat qiyofasi haqida bazi ma'lumotlarni taqdim etdi.

Karantin rejimidagi Bundesligada standartga aylanadigan nostandart o'zgarishlar haqida:

- Jamoalar hakamlar bilan birgalikda saf tortib chiqishlari taqiqlanadi.

- O'yin oldidan jamoaviy suratga tushish taqiqlanadi.

- Maydondagi 22 futbolchi va 3 hakamdan boshqa barchada (bosh murabbiy va zaxira hakami ham) tibbiy niqob bo'lishi shart.

- Zaxira o'rindiqlari masofani saqlash maqsadida uzaytiriladi yoki zaxiradagi bazi futbolchi va personallar tribunaga chiqishadi.

- Bundesliga restartiga 1 hafta qolgach jamoalar barcha futbolchi va personallargacha mehmonxonada karantinga kirishadi.

- Hakamlar Bundesliga restartidan 1 hafta avval test topshirishadi va o'yindan 1 kun oldin ham qayta tekshiriladi.

- VAR tizimidagi xonada videoassistentlar masofa saqlashi uchun plastik to'siqlar yasaladi.

- Mabodo qaysidir jamoa futbolchisi va xodimida koronavirus aniqlansa, unda imkon qadar butun jamoa karantinga olinmaydi. Doimiy tibbiy nazorat va testlar qilinishi natijasida boshqalar ikkinchi darajadagi riskdagi insonlar hisoblanishadi va yakuniy qarorni Sog'liqni saqlash vazirligi qabul qiladi. Ma'lum futbolchilar karantinga olinsa ham, reglamentga ko'ra, jamoalar qaydnomaga 13 nafar futbolchini kiritishi o'yinni o'tkazish uchun etarli. Agarda 13 nafar o'ynaydigan futbolchi topilmasa, unda reglamentga biroz istisno tariqasida texnik mag'lubiyat o'rniga uchrashuvni kechiktirishga ruxsat beriladi.

- Bundesliga restarti rasman e'lon qilinishi bilanoq jamoalar g'aznasi teletranslyatsiyalardan tushadigan daromadlarning bir qismi bilan boyidi. Faqatgina Eurosport hozircha 10 million evroni o'tkazgani yo'q. Shuningdek, Bundesliga restartidagi 26-tur o'yinlarini "Sky Deutschland" konferenciya formatida bepul ko'rsatadi.


Bundesliga tiklanishi futbol olami va jahon matbuotini larzaga keltirdi


UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin juda xursand. Uning aytishicha, Germaniya futbolni hayotga qaytarish bo'yicha yorqin namunaga aylanadi.


Fransiyaning mashhur "L`Equipe" nashri Bundesligani Yevropa futbolining yana harakatga tushgan lokomotiviga qiyosladi.


Italiyaning "Tuttosport" gazetasi Merkelning Bundesligani tiklash haqidagi qarori Italiya hukumatiga ham yaxshi taraflama ta’sir qilishidan umidvorligini yozmoqda.


Germaniyadagi ko'plab nashrlar Bundesliga koronainqirozdan juda yaxshi holatda chiqib ketishini taxmin qilinmoqda va chempionat tiklanishini olqishlar bilan qabul qilishmoqda.


Germaniya futbol ittifoqi prezidenti Fric Keller, Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyov, "Bavariya" klubi kengash raisi Karl-Xaync Rummenigge Bundesliga tiklanayotganidan xursand.


"Bundesliga restartiga ruxsat bu Germaniya hukumati, siyosatchilar hamda sog'liqni saqlash vazirligining futbolga bo'lgan yuqori ishonchini anglatadi", - deya minnatdorchilik bildirdi Fric Keller.


Rummenigge esa siyosatchilarga chempionatni yakunlab qo'yish uchun imkoniyat taqdim etishganiga rahmat aytdi.


Germaniyadagi bazi siyosatchilar va epidemiologlar karantin davrida futbolni tiklanganini tanqid ostiga ham olishmoqda. Xususan siyosatchi Monika Lazar hamda professor Karl Lauterbax mahalliy aholi yoki ijtimoiy soha vakillariga ishlatilishi mumkin bo'lgan testlarni futbolchilarga yo'naltirilayotganini qoralab chiqqan.


Lekin Germaniya futbolni qayta tiklash orqali mamlakatdagi umumiy holat fonini yaxshiligini namoyon etib, ko'pchilikka yaxshi kayfiyat ulashish hamda futbolsiz qolgan Yevropaning butun diqqatini Bundesligaga qaratmoqchi.



Demak, Germaniya Bundesligasi 16 maydan 26-tur o'yinlari orqali davom ettiriladi. Agarda barchasi rejaga ko'ra davom etsa, unda chempionat 27 iyunda tugaydi. Bundesliga 1 va 2 jamoalari o'rtasidagi pley-off o'tish o'yinlari ham o'tkaziladi.


Bundesliga to'xtab qolgan 26-turdan davom ettiriladi. Sizlarni ketma-ket dastlabki 3 tur o'yinlarining qisqacha anonsi bilan tanishtiraman. Ko'pirtirishlarsiz. 

Shunchaki ma'lumot:

Xo'sh, 26-turdanoq Rur derbisi! Germaniyada bundan qaynoq va principial derbi yo'q:

Borussiya D - Shalke

27-turda YCHL yo'llanmasi uchun kurashayotgan jadvaldagi qo'shnilar:

Borussiya M - Bayer

28-turda ortiqcha tarif shart bo'lmagan chempionlik o'yini:

Borussiya - Bavariya

Istalgan dasturxonni bezaydigan menyu. Xudo xohlasa oz qoldi. Haqiqiy futbol shiddatini his etish fursati yaqin. Yashavor Bundesliga!


Shahboz Beg'amov - Telegram kanali


Manba: championat.asia