Bundesligadan chiqib ketgan “Shalke” futbolchilariga klub muxlislari hujum qildi

Eldor Akmurzayev
21 apr 2021
Germaniya chempionati 30-turida "Arminiya" (0:1)ga engilgandan keyin "Shalke" muddatidan oldin musobaqani tark etdi.

Mazkur o'yindan keyin jamoaning yuzlab muxlislari uy stadioni yaqiniga yig'ildi. “Shalke” avtobusi u erga kelib to'xtagandan keyin ishqibozlar futbolchilarga hujum qildi. O'yinchilarning ko'pchiligi qochishiga to'g'ri keldi.

“Chorshanba kuni erta tongda Bilefelddan qaytgach, futbolchilar va ayrim muxlislar guruhi o'rtasida qisqa muloqot bo'ldi. Suhbat davomida noma'lum shaxslar belgilangan chegarani kesib o'tishdi. Buni qabul qilib bo'lmaydi.

Bundesliga-2'ga tushib ketganimizdan keyin tushkunlik va xafagarchilikka qaramay, klub hech qachon futbolchilar va xodimlarimizga bo'ladigan jismoniy tahdidga yo'l qo'ymaydi. Kechagi to'qnashuvda aynan shu narsa yuz berdi.

Klub mazkur xatti-harakatni qatiyan qoralaydi va xodimlarimizni qo'llab-quvvatlaydi. Hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda”, deyiladi klub bayonotida.

Gelzenkirxenliklar 1988 yildan beri ilk bor Bundesligadan quyi divizionga tushib ketdi.


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: sports.ru