Bu vaziyatdan mano izlamang

Omonjon To`xtamirzayev
17 apr 2023
Yevropa Ligasi va "Sevilya" o'rtasida qandaydir mo'jizaviy bog'liqlik bor, buni hatto Mendilibar ham tushunmadi.

Chorak final doirasida bo'lib o'tgan o'yin va ayniqsa uning so'nggi daqiqalarida nimalar bo'lganiga hech kim tushunmadi. 

Stabillik yetishmayotgan "Sevilya" avvalgi uikendda Ispaniya chempionati doirasida qo'shib berilgan daqiqalarda ikkita gol o'tkazib, "Selta"ga qarshi uchrashuvda g'alabani qo'ldan chiqargandi. Shu kuni jamoa Mendilibar qo'l ostida ilk bor g'alaba qozona olmadi. 

"Sevilya" keyingi bellashuvda ham g'olib bo'lmadi – Yevropa Ligasi chorak finalida "Manchester Yunayted" bilan murosa ko'chasi tanlandi. "Murosa ko'chasi" deyish ham biroz g'alati tuyulsada, durangga shunday tarif beriladi-ku odatda. Ammo, lekin, biroq... "Selta"ga qarshi qayd etilgan durangdan farqli, "qizil iblislar"ga qarshi durangga Mendilibarning butkul aloqasi yo'q edi.  

Hech bo'lmasa, "Sevilya"ning o'yini, uning asosiy tarkibi Mendilibar uchun evrokubok eng oxiridagi oxirgi masala va klubning asosiy maqsadi La Ligada jon saqlash kanligini tushunish qiyin emasdi. 

Mendilibar ikkita quyonni ortidan quvlash niyatida emasdi. Unga Sampaoli tajribasi etarli bo'lgani ko'rinib turardi. Argentinalik vaqtida barcha musobaqalarda imkon qadar ijobiy natijaga erishish yo'lida, Ispaniyada quyi pog'onalarga tushib ketar va Yevropada javob bahsida baribir yutqazib qo'yardi.

Mendilibarning ichki chempionatni ustun qo'yishini to'g'ri tushunish mumkin – bir necha kundan keyin "Sevilya" 5 ochkoginaga ortda qolayotgan "Valensiya" bilan o'ynashi kerak edi. "Manchester Yunayted" bilan kurash hozirgi holatda ispanlarga umuman kerak emasdi. 

Aslida barchasi tabiiy yo'sinda ketayotgandi va inglizlar katta ustunlikka ega edi. Biroq o'yinning oxirgi daqiqalari teng kurashlar ostida kechdi. Bunga Martinesning jarohatidan keyin 10 kishi bo'lib qolgan "Man Yunayted" futbolchilari raqib darvozasini qo'yib, o'z darvozalarini o'qqa tuta boshlashgani sabab bo'ldi. 

Mendilibar tabiiyki "Sevilya" Yevropa Ligasida (agar shu bosqichgacha yetib kelsa) kurashdan chorak finalidayoq hech qachon tark etmasligini bilmasdi.  

Yana bir qiziq tomoni, Orzular teatri deyiladigan "Old Trafford"da qo'yib berilgan dramatik uchrashuvdan keyin har ikki jamoa ichki chempionatda bir xil, 2:0 hisobida zafar quchishdi. 

Endi oldinda yana o'zaro to'qnashuv kutib turibdi. Balki endi ichki chempionatda vaziyatini ancha yaxshilab olgan "Sevilya" taqdir sovg'asini rad etmay, ishga jiddiyroq kirishar? Yoki alamli durangdan to'g'ri xulosa chiqargan Erik ten Xag va shogirdlari sovrin ilinjida yurishini davom ettiradimi? Nima bo'lganda ham bizni qiziqarli bahs kutib turibdi. Axir Yevropa Ligasida "Sevilya" o'ynaydi, bunday bahslar zerikarli o'tmasligini avvalgi uchrashuv barchaga eslatib qo'ydi. 


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia