

BMB ustozi Nodir Eliboev: “Jamoamiz bugungi o'yinga yangi tarkib bilan keldi desa ham bo'ladi. Uzoq tanaffusdan so'ng deyarli 20 kun davomida bu bahsga tayyorlandik. 2 ta nazorat uchrashuvi o'tkazdik. Hozircha o'zimiz xohlagan darajaga chiqqanimiz yo'q, ammo bugungi bahsda yigitlarimiz bor mahoratini namoyon qiladi”.
SQB bosh murabbiyi Shuhrat Tojiboev: “Bizning jamoamiz ham 5 avgustdan mashg'ulotlarni boshlagan. Jamoamiz tarkibi yangi futzalchilardan iborat. Yigitlar bir-biri bilan chiqishib ketishiga ozgina vaqt kerak bo'ladi. Lekin bugungi finalga tayyormiz deb o'ylayman”.
- Yangilangan tarkib deganda nimani tushunsa bo'ladi? Kimlar ketdi va kimlar ketdi?
Eliboev: Bu yil barcha jamoalarning tarkiblari yangilandi. Shu jumladan BMBning ko'plab asosiy futzalchilari ketishdi. Ularning o'rnini yoshlar bilan to'ldirdik. Asilbek Vafoev, Shahram Fahriddinov, samarqandlik yigitlar jamoamizga qo'shilishdi, yoshlar terma jamoasi vakillarini o'z safimizga qo'shib oldik. Taniqli darvozabon Rustam Umarov murabbiylar shtabiga qo'shildi. Husniddin Nishonov uzoq muddatli jarohatdan so'ng safga qaytdi. Jamoaga kirishib ketish uchun vaqt kerak bo'ladi. BMB jamoasi bu yil yoshlarga e'tibor qaratgan. 18dan kichik bo'lgan yigitlar 12 nafarga etdi. Bu ishga o'tgan yilda qo'l urganmiz. Bu yil yoshlarga yanada ko'proq imkon bermoqchimiz. Raqobat kuchli, oson bo'lmaydi, ammo buni uddalashadi deb o'ylayman.
Legionerlar? Bolt va Joaolar jamoamizni tark etishdi. Bu yigitlar yomon emas edi, ammo rejamiz bo'yicha ular bilan xayrlashishimiz kerak edi. Ko'proq yoshlarga urg'u beryapmiz. Qirg'izistondan Doniyor Omonboevni taklif qilganmiz. Biz “Do'stlik” bazasida shug'ullandik. Chunki u arenaning qoplamasi bugungi final o'tadigan maydon qoplamasi bilan bir xil.
Tojiboev: O'zim ham jamoada yangiman. Tarkibdagilarning ko'pchiligi yangi. O'tgan mavsumdan Ravshan Eliboev va bir qator yoshlar qolishgan. Braziliyadan 3 nafar legioner oldik. Ulardan biri ligamiz yulduzi Bolt. Himoya va hujumga ham braziliyalik futzalchilarni qo'shib oldik. Erondan ham futzalchi chaqirgan edik, ammo jarohat sabab unga javob berdik. Davlat Ibragimov, Shavkat Ibragimov, Ilhom Hamroev, Samariddin Berkinov, Timur Salimov va Timur Kakichlar bilan shartnoma imzoladik. Mashg'ulotlarni “Yunusobod” sport majmuasida boshladik. Superkubokdagi qoplamani hisobga olib bir hafta “Do'stlik”da mashg'ulot o'tkazdik.
- SQB jamoasi va bosh murabbiyi Shuhrat Tojiboev oldiga qanday vazifalar qo'yilgan?
Tojiboev: SQB jamoasi o'tgan mavsum chempionatda 2-o'rinni qo'lga kiritdi va Kubokda finalgacha yetib bordi. O'tgan yilgi formatda ko'proq legionerlarga ruxsat edi. Bu mavsumdan “3+1” sxemasiga o'tildi. Endi e'tibor ko'proq mahalliy futzalchilarga qaratiladi. Asosiy maqsadimiz - sovrinli o'rinlarni egallash.
- Eronlik futzalchi jamoani tark etdi dedingiz. Demak “3+1” sxemasi bo'yicha osiyolik o'rni bo'sh?
Tojiboev: U mashg'ulotlarda ishtirok etdi. Tibbiy ko'riklarda jarohati jiddiy bo'lgani uchun unga ruxsat berdik. Hozir rahbariyatimiz boshqa eronlik bilan muzokara o'tkazmoqda.
- Tarkib bo'yicha reglamentdagi o'zgarishlar qolgan jamoalarning o'yiniga ta’sir qiladimi?
Eliboev: O'zbekiston futzal federatsiyasi rahbari Bekzod Mamatqulovning olib borayotgan siyosati milliy terma jamoani kuchaytirishga qaratilgan. Chunki o'tgan yili bazi bahslarda maydonda faqat legionerlarni ko'rdik. Bu yil deyarli barcha klublarda o'zgarishlar ro'y beryapti. Nazorat o'yinlariga qaraydigan bo'lsak birorta yirik g'alaba kuzatilmadi. Bu kuchli raqobat va o'sishga olib keladi.
Tojiboev: Bu yilgi chempionatda tarkib bo'yicha katta o'zgarishlar bo'ldi. Asosiy e'tiborni yoshlarga qaratyapmiz. Joriy mavsumda raqobat kuchli bo'ladi.
- Yoshlar uchun futzal maktabi, yoshlar guruhi tashkil qilish niyatingiz bormi?
Eliboev: Oldinroq aytganimdek tarkibimizda 12 nafar 18 va undan kichik yoshdagi futzalchilar bor. Liga reglamentida ham 2009 yilda tug'ilgan va undan kichik bo'lgan yigitlarga har bir bahsda kamida 2 daqiqa o'yin amaliyoti ajratilishi kerak. Har bir uchrashuvda bitta qo'shimcha joy 2009 yilda tug'ilgan va undan kichik bo'lgan yoshlarga atalgan.
Tojiboev: O'FA vakillari, Nodir Eliboev bilan viloyatlarni aylanib, ko'plab iqtidorli yoshlarni kuzatdik. Ularni asta-sekinlik bilan milliy jamoa yig'inlariga chaqirishni reja qilganmiz.
- Finaldan oldin raqib qanchalik o'rganildi?
Tojiboev: BMB O'zbekistonning eng nomdor jamoalaridan biri. Buni 4 yildan beri isbotlab kelmoqda. O'zim ham bu jamoada ishlaganman. O'rganib chiqyapmiz. Bugungi bahsda tayyorgarligimizga o'zingiz baho berasiz.
Eliboev: SQB yangi tarkib va yangi murabbiy bilan. O'rganishga hech qanday imkon yo'q. Chempionat davomida ularni sinchkovlik bilan o'rganib chiqamiz. Final uchun turli ssenariylarga tayyorgarlik ko'rdik.
- BMB bu mavsum ehtimoliy mag'lubiyatlarga qanchalik tayyor? Chunki reglamentdagi o'zgarishlar jamoalar kuchini bir-biriga yaqinlashtirib qo'ymoqda.
Eliboev: Aslida kuchli bo'lish uchun g'alabadan ko'ra ko'proq mag'lubiyat muhim. Xatolar bo'lsa ularni o'rganib chiqishga, mag'lubiyatdan to'g'ri xulosa chiqarishga tayyormiz.
- Bolt endi SQB safida. U juda kuchli futzalchi. Unga personal futzalchi biriktiriladimi?
Eliboev: Bolt Messi emasku. To'g'ri, u kuchli futzalchi, lekin bir o'yinchi deb butun boshli rejamizni o'zgartirmoqchi emasmiz. Unga yangi jamoasida omad tilayman.
- BMB iqtisodiy tomonlama qudratli. Bu tomonlama yigitlarga motivaciya berish uchun qanday ishlar qilinyapti?
- SQB jamoasi rahbariyatiga minnatdorchilik bildiramiz. Jamoamizga barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Katta muammolar bo'lmaydi deb o'ylayman.




