Bir o'yin tarixi. Evro-2004 finali. Himoyaviy o'yinni maromiga etkazgan Gretsiya yoxud Ronalduning ko'z yoshlari

Narzulla Saydullayev
26 mar 2020
Biz o'tgan davr mobaynida terma jamoamizda ishlagan Ektor Kuperning himoyaviy o'yinini tanqid qilib keldik.

Biroq, tarixda pragmatik futbol bilan katta natijalarga, sovrinlarga ega chiqqan terma jamoalar yo'q emas. Italiyaning JCH-2006da aynan himoyaviy futbol ko'rastib yakunda Zidan boshchiligidagi Fransiyani finalda mag'lub etgandi. Bugun fikr yuritmoqchi bo'lgan terma jamoa Gretsiya ham Evro-2004dagi barcha o'yinlarda mudofaaga e'tibor qaratgan holda yakunda chempionlikni nishonlagandi.

Aniqrog'i, kuchli taktik himoya evaziga kuchli raqiblarni turnirdan chiqarib yuborgan. Umuman olganda yunonlar yirik rasmiy musobaqalarga favorit yoki yetakchi jamoa sifatida qatnashmaydi, biroq o'zgacha sensaciya va kutilmagan natijalar tuhfa etadi. Portugaliyadagi musobaqada ham ko'p terma jamoalar Otto Rexagel shogirdlariga bepisand qarashadi. Bu esa o'z navbatida ularning zarariga ishlaydi. Turnirni “A” guruhida boshlgan greklarni nazariy jihatdan keyingi bosqich yo'llanmasiga ega chiqishlariga imkoniyat kam edi. Chunki, kvartetdan mezbon Portugaliya, Ispaniya va Rossiya joy olgandi. Yakunda kamtarin Gretsiya terma jamoasi omad va tasodif sabab guruhdan chiqib oladi. Sababi Ispaniya bilan ochkolar va to'plar nisbati teng kelib qolgandi. Gretsiyada 4:4, ispaniyada 2:2 to'plar nisbati yuzaga kelgandi. Qoidalarga ko'ra ko'proq gol urgan terma jamoa yani Gretsiya yo'llanmani qo'lga kiritadi.



Ularda o'ziga xos ishonch va kuch paydo bo'lgandi. Chorak finalda Gretsiyaga yulduzli tarkibga ega, Zidan yetakchiligidagi Fransiya taslim etiladi. Yunonlar o'z annalariga sodiq qolgan holda raqibga himoyaviy futbol taklif qiladi. O'yinda Angelos Xaristeas kiritgan yagona gol yarim final eshiklarini ochadi. Mazkur bosqichda musobaqani ko'tarinki ruhda o'tkazayotgan Chexiya terma jamoasi raqib bo'ladi. Chexiyaliklar tarkibida ma'lum va mashhur Pavel Nedved, to'purar Milan Barosh va boshqa yaxshi saviyadagi futbolchilar harakat qilardi. Yarim finalda ham o'tgan uchrashuvdagidek ssenariy takrorlanadi. Gretsiya 105-daqiqada Troyanos Dellas tomonidan urilgan gol g'alaba keltiradi.

Finalda esa kutilganidek Luish Felippe Skolari murabbiylik qilayotgan, tarkibi Gretsiyanikiga qaraganda maxoratli va yulduzli ijrochilar Figu, Deku, Pauleta, Karvalolarga ega Portugaliya kutardi. Bosh murabbiy braziliyalik Skolari ikki yil oldin Braziliyani jahon chempioni qilgandi. Bu safar ham Portugaliya bilan shohsupaga ko'tarilishga va jamoani qitada tengsiz qilishga juda yaqin kelgandi.

Ammo, raqib Gretsiyadan bu paytga kelib har qanday natija kutsa bo'lardi. Ikki finalchi Yevropa chempionati guruh bosqichi birinchi turida uchrashgandi. Unda esa gretsiyaliklar kichik 2:1 hisobida g'alabani o'ziniki qilgandi. Final Lissabondagi “Da Luj” arenasida o'tkaziladi. Portugaliya uchrashuvni o'z uslubida hujumkor ruhda boshlaydi. Qanotlardan Deku va Ronalduning yurishlari ancha havfli tus oladi. Bunga javoban yunonlar hujum bilan javob qaytaradi. Darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borgan Xaristeasga himoyachilar halaqit berib qolishadi. Ikkinchi bo'limning 57-daqiqasida Gretsiya uchrashuvdagi ilk burchak zarbasini ishlaydi. O'ng burchakdan uzatilgan to'pni musobaqa davomida muhim gollarni kiritgan Angelos Xaristeas boshi bilan Rikardu qo'riqlayotgan darvozani ishg'ol qiladi.

Butun turnirda tartibli futbol ko'rsatishga uringan Gretsiya shu tariqa Yevropa chempionligiga ega chiqadi. Butun dunyo nigohi ularga qaratilgandi. Chunki, o'sha chempionatda Gretsiya kuchli taktik himoyaviy o'yin hisobiga barchadan ustun kelgandi. Skolari bellashuvdan keyingi matbuot anjumanida juda qisqa gapirgandi. “Ular o'zi yaratgan yagona vaziyatdan gol urdi. Bizda vaziyatlar ko'p bo'ldi, ammo gol urolmadik”. Darhaqiqat, germaniyalik mutaxassis Otto Rexagel jamoani uch yil davomida musobaqaga tayyorlagandi. Buni uning o'zi ham takidlagan. “Bugun uch yil davomida qilgan mexnatlarimiz samarasini ko'rdingiz. Hozir savollaringizga javob bera olmayman. Chunki, yigitlarni kirib g'alaba bilan qutlashim lozim”. Murabbiy ushbu jamoani 2010 yilga qadar boshqardi va iste'foga chiqarildi.


Evro–2004. Final
Portugaliya – Gretsiya 0:1
04.07.2004. Lissabon(Portugaliya). “Da Luj” stadioni. 62 865 tomoshabin
Bosh hakam
: Markus Merak(Germaniya)

Gol: Angelos Xaristeas (57).

Portugaliya: Rikardu, Migel (Paulu Ferreyra, 43), Jorje Andrade, Rikardu Karvalo, Nunu Valente, Koshtinya (Ruy Koshta, 61), Manishe, Krishtianu Ronaldu, Deku, Figu, Pauleta (Nunu Gomesh, 74).
Bosh murabbiy: Luish Felippe Skolari (Braziliya)

Gretsiya: Nikopolidis, Seytaridis, Kapsis, Dellas, Fissas, Kacuranis, Zagorakis, Basinas, Yannakopulos (Venetidis, 76), Vrizas (Papadopulos, 81), Xaristeas
Bosh murabbiy: Otto Rexagel (Germaniya)




Abdulaziz Iskandarov tayyorladi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia