Bilol Toshmirzaev futbolga kirib kelishi, o'zbek futboli tarixidagi eng kuchli murabbiy nomi va "Navbahor"ga muxlislik qilishi haqida

Narzulla Saydullayev
20 fev 2020
Pro-liga yangi mavsumiga tayyorgarlik olib borayotgan Yaypanning "Turon" jamoasi o'tgan yili "Oq-tepa" jamoasi safidagi yorqin o'yinlari bilan muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan Bilol Toshmirzaevni o'z safiga qo'shib oldi.

Saytimiz muxbiri mazkur futbolchi bilan uchrashib, intervyu tashkil etdi. Quyidagi ushbu intervyuning to'liq matni bilan tanishing.

- Bilol, futbolga kirib kelishingiz haqida aytib bersangiz.

- Bolaligimdan futbolga bo'lgan qiziqishim yuqori. Yosh bola vaqtimda dadamdan futbol bilan shug'ullanishim haqida ruxsat so'raganman. Maktabimizda mashg'ulot o'tkazadigan murabbiy bo'lardi, shu kishidan futbolning dastlabki saboqlarini olganman. Tog'amning o'g'li 7-sinfda o'qiyotgan vaqtimda Respublika olimpiya zahiralari kollejiga o'qishga olib kelgan. Professional futboldagi faoliyatimni 2014-yilda Toshkentning "Obod" jamoasida boshlaganman.



- Bugunga qadar qaysi jamoalarda faoliyat olib borgansiz?

- Yuqorida aytganimdek 2014-yilda "Obod" jamoasida, 2015-2016 yillarda "Paxtakor" o'rinbosarlari safida, 2017-2018 yillarda "Navbahor"da, 2019-yilda "Oq-tepa"da, ayni damda esa "Turon" jamoasi safidaman.

- Yangi jamoangizda sharoitlar qanday ekan?

- "Turon" jamoasida futbolchilar uchun sharoitlar a'lo darajada tashkil etilgan. Xususan jamoaga tegishli bo'lgan "O'zbekiston" o'yingohi chimlari Yevropa texnologiyasi asosida shakllantirilmoqda. Bundan tashqari yaqinda klub o'z akademiyasini ochish arafasida turibdi.

- Hozir "Turon"da ko'rikdamisiz yoki shartnoma imzoladingizmi?

- Jamoa safida dastlab ko'rikdan o'tdim va keyinchalik shartnoma tuzdik.

- Jamoaga sizni kim taklif qildi?

- "Turon" bosh murabbiyi Islom Ismoilov taklifiga binoan jamoaga qo'shildim.

- Superligada qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?

- O'zim Namanganda tug'ilganman, shu sababdan "Navbahor" jamoasiga muxlislik qilaman.



- Sizningcha, o'zbek futboli tarixida eng kuchli murabbiy kim?

- Qaysi murabbiy O'zbekiston terma jamoasini birinchi bo'lib jahon chempionatiga olib chiqsa, aynan o'sha murabbiyni eng kuchli deb bilaman.

- Hozirgi kunda qaysi futbolchini O'zbekistonda eng kuchli deb ayta olasiz?

- Bizda kuchli futbolchilar ko'p. Masalan Odil Ahmedov, Jaloliddin Masharipov, Eldor Shomurodov, Ikrom Aliboev. Xullas, yana davom ettirsa bo'ladi.

- "Paxtakor" - "Navbahor" uchrashuviga taxminingiz...

- Bu uchrashuvda "Paxtakor" jamoasi o'z maydonida o'ynaydi. Toshkentliklar tarkibida kuchli va tajribali futbolchilar yig'ilishgan. Ayni damda "Navbahor" jamoasi ham mavsumga juda yaxshi tayyorgarlik olib bormoqda. Bir narsa deyish qiyin, g'alaba uchun har ikki jamoada ham etarlicha imkoniyat bor.

- "Turon" jamoasi muxlislariga tilaklaringiz.

- Birinchi navbatda muxlislarimizdan doim o'yingohlarga tashrif buyurib bizni qo'llab-quvvatlab turishlarini so'ragan bo'lardim. "Turon" jamoasi o'z muxlislarini qadrlaydi. Nasib bo'lsa mavsum yakunida Superliga yo'llanmasini birgalikda nishonlaymiz degan umiddaman.


Bekzod Tolibov yozib oldi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia