

Tez orada 40 yoshga to'ladigan Zlatan Ibragimovich ko'rsatayotgan o'yin darajasi, to'xtash nimaligini bilmayotgan Ronaldu va Messi, "Yokogama" bilan shartnomasini uzaytirgan 53 yoshli Kacuyosi Miura haqida bilasiz.
Bugun Fransiya chempionatida to'p tepayotgan eng qari futbolchi haqida ma'lumot beramiz. Bu - "Monpele" sardori Vitorino Ilton hisoblanadi. U 1977 yilda Braziliya poytaxtida tug'ilgan. "Shapekoense" tarbiyalanuvchisi Yevropaga ko'chib o'tganiga 19 yil bo'ldi. Dastlab, Shveytsariya chempionati, keyin Fransiya 1-ligasining "Bastiya" va "Lans" klublarida to'p tepgan Ilton uchun 2008 yilda "Marsel" rahbariyati 5 mln evro to'ladi. "Olimpik"dagi 3 yillik faoliyatidan keyin "Monpele" tarkibiga erkin agent sifatida borib qo'shilgan Vitorino hamon yashil maydonda javlon urmoqda. U Fransiyaning 2 karra chempioni hisoblanadi.

Fransiya chempionatining joriy mavsumida 13 ta o'yinda maydonga tushib, umumiy 727 daqiqa harakatlangan. Braziliyalik markaziy himoyachining "Monpele" bilan amaldagi shartnomasi 2021 yilning 30 iyuniga qadar amal qiladi. Ilton o'tgan yilning sentyabr oyida Liga 1 da maydonga tushgan so'nggi 64 yildagi eng keksa futbolchiga aylangan edi. Agar tomonlar o'rtasidagi hamkorlik yana 6 oyga uzaytirilsa, butun chempionat tarixidagi rekord yangilanishi mumkin.
Ma'lumot uchun, qariyalar ro'yxatining 2-pog'onasini "Marsel" darvozaboni Yoann Pele band qilib turibdi.
