Aziz Amonov: "Eronga sayohat uchun borganim yo'q. Nima uchun raqiblarga past qarayapmiz?"

Narzulla Saydullayev
2 iyun 2022
Srechko Katanets boshchiligidagi O'zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogi saralash bahslariga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.

Poytaxtda kechayotgan mashg'ulotlarga kecha ikki nafar legioner Aziz Amonov va Eldor Shomurodov kelib qo'shildi. Yaqinda "Istiqlol" jamoasi bilan Eron chempionligini qo'lga kiritgan Aziz Amonov bu boradagi fikrlarini bildirib o'tdi.






- Avvalo Eron chempionligi bilan tabriklaymiz. Yakunlangan mavsum haqida taassurotlaringiz bilan bo'lishsangiz...

- Mavsumni mag'lubiyatlarsiz yaxshi yakunladik. Jamoa 9 yildan beri chempionlikni qo'lga kirita olmayotgan edi. Qaysidir manoda tarixga kirdik. Muxlislar natijalarimizdan xursand bo'ldi.

- Shaxsan o'zingiz o'yiningizdan qanchalik ko'nglingingiz to'ldi?
- Menimcha hech kim qoniqmaydi. O'z-o'zidan ko'ngli to'lish to'xtashga olib keladi. Doim ishlashda davom etamiz.

- Legioner sifatida ilk bor xorijda o'ynadingiz. O'zingizda qanday o'zgarish sezdingiz?
- Legioner iloji boricha diplomat bo'lib kirishib ketishi kerak. Xudoga shukur jamoam yaxshi qabul qildi. Asosan mas'uliyat katta bo'ldi. Chunki O'zbekiston nomidan bordim.

- Bosh murabbiy haqida qanday fikrdasiz?
- Murabbiy jamoadagi barcha bilan bir hil muomala qiladi. Ahillik bo'lgani uchun ham chempionatda mag'lubiyatga uchramadik.

- O'zbekistonda chempionlikka bonus sifatida mashinalar berilishi mumkin. Eronda bu vaziyat qanday ekan?
- Barchasi shartnomaga asoslangan. Klubga kelganimda chempion bo'lsak ma'lum bir miqdordagi bonus berilishi aytilgan.

- Erondagi hayot tarziga ko'nikib ketdingizmi?
- Biroz farqi bor. Odamlari yaxshi. Ancha moslashdim. Jamoadagilar tashlab qo'yishmadi.

- Til bilan bog'liq muammo bo'lmadimi?
- Ko'p muloqotdan keyin ancha tushunib qoldim. Nimalar deyayotganini bilaman. Ingliz tilini o'rganishga harakat qilyapman.

- Eronda to'p tepgan futbolchilarimizdan biri zerikib qolganini, tashqaridagi hayotga o'rganishga qiynalganini aytgandi. Sizda bunday holat ro'y bermadimi?
- Yo'q. Eronga aylangani emas, futbol o'ynagani borganman. Ortiqcha narsalarga chalg'ishga vaqt yo'q.

- Terma jamoamizning saralashdagi raqiblari haqida. Ularning darajasi bizdan past ekanligi ma'lum...
- Nima uchun raqiblarga past nazarda qarayapmiz? Hozir hamma futbol o'ynashni o'rgangan. Hurmat qilamiz. Barcha mamlakatlarda bu sport turi rivojlanmoqda.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia