Ardus Yevropa chempioniga qarshi 2ta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi

Narzulla Saydullayev
14 avg 2013
Toshkentning Ardus Qozog'iston chempioni Qayratga qarshi ikkita nazorat o'yini o'tkazadi.
Yevropaning eng kuchli klublaridan biri hisoblangan Qayrat 17 avgust kuni Toshkentga tashrif buyuradi. Ushbu ikki jamoa o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvlari 18 va 19 avgust kunlari Toshkentdagi O'zbekiston sport majmuasida bo'lib o'tadi. Har ikkala o'yin ham 17:30da boshlanadi.

Qayd etish joiz, 1995 yilda asos solingan Qayrat so'nggi yillarda muntazam UEFA Kubogining final to'rtligidan joy olib kelmoqda. 2013 yili Qayrat ushbu musobaqa finalida Moskvaning Dinamo jamoasni mag'lubiyatga uchratib (4:3), Ko'hna qitaning eng kuchli klubi deb topildi.

Qayratga qarshi o'yinlar Ardusga 27 avgust – 1 sentyabr kunlari Yaponiyaning Nagoya shahrida bo'lib o'tadigan klublar o'rtasidagi 2013 yilgi Osiyo chempionati o'yinlariga tayyorgarlik ko'rish imkonini beradi. Yaponiyadagi musobaqa guruh bosqichida Ardus V guruhida Eronning Sanae Giti Pasand, Tailandning Chonburi Bluveyv va Qatarning As-Sadd jamoalariga qarshi to'p suradi.

Eslatib o'tamiz, Osiyo futzal klublarining 2012 yildagi eng nufuzli musobaqasida Ardus finalgacha yetib borib, hal qiluvchi o'yinda Sanae Giti Pasandga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ardusfc.uz