APL uchun kurash. Pley-off finalida Jon Terri va Frenk Lempard jamoalari o'ynaydi

Aslanov Jasurbek
16 may 2019
14 va 15 may kunlari Chempionshipning 3-dan 6-o'ringacha o'rinni egallagan klublari APLga chiqish uchun pley-off javob uchrashuvlarini o'tkazishdi.

"Vest Bromvich" hamda "Aston Villa" o'rtasidagi birinchi yarim finalning javob o'yini 1:0 hisobida "Vest Bromvich" g'alabasi bilan yakunlandi. Ilk bahsda "Aston Villa" shu hisobda zafar quchgani uchun jamoalar penaltilar seriyasida omadini sinashdi. "Chelsi" sobiq himoyachisi Jon Terri boshqarayotgan "Aston Villa" lotereyada omadli chiqdi va pley-off finaliga chiqdi.


Ikkinchi yarim finalda Frenk Lempard boshchiligidagi "Derbi Kaunti" "Lids" mehmoni bo'ldi. Ushbu jamoalar o'rtasidagi birinchi o'yin 1:0 hisobida "Lids"ning g'alabasi bilan yakunlangan edi. Lempard jamoasi javob o'yinida raqibni 4:2 hisobida engdi va final yo'llanmasini naqd qildi.

Shunday qilib, "Chelsi" afsonalari Jon Terri va Frenk Lempard jamoalari APLning so'nggi "chiptasi" uchun finalda to'qnash kelishadi.

So'nggi uchrashuv 27 may kuni Londondagi "Uembli" stadionida bo'lib o'tadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia