Anvar Berdiev: "Zoirov bilan yuzaga kelgan vaziyatda kartochka bo'lmasa, demak men futbolni tushunmas ekanman"

Aslanov Jasurbek
29 may 2023
Pro-liga 10-turidan o'rin olgan "Sho'rtan" - "Xorazm" (0:1) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Anvar Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O'yin haqida

- "Xorazm" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Qizil kartochkadan keyin mehmonlarda imkoniyatlar ko'payib ketdi. Goldan so'ng ham hisobni tenglashtrishga intildik. Biroq, ko'p vaziyatlarda omad yuz o'girdi.

- Hojiakbar Yunusovni chetlatilishiga munosabatingiz qanday?

- Vaziyatga hayron qoldim. Yunusovga berilgan vaziyat qizil bo'lsa, Zoirovda jarima maydoni ichkarisida yuzaga kelgan xolatda kartochka bo'lmasa, demak men futbolda hech narsani tushunmas ekanman. Vaziyatni ko'rib chiqish kerak, to'p uchun kurash bo'ldi, qizil beradigan vaziyat emasdi.

- Muhriddin Zoirovga qo'pollik ishlatilganda jarima maydoni ichkarisida edi deb hisoblaysizmi?

- Vaziyatni ko'rib chiqishim kerak. Men aytmoqchi bo'lganim Yunusovning vaziyatida qizil bor, Zoirovdagi xolatda kartochka yo'q. Ochig'i, ushbu xolatlar uchun hakamning qaroridan hayronman. 

- Birinchi bo'lim so'ngida "Xorazm" murabbiylar shtabi vakili bilan tortishib ketdingiz. Bunga nima sabab bo'ldi?

- Bizning futbolchilardan biri ular bilan tortishib qolgan. Shu bois men vaziyatni tinchlantirishga urindim. Asabiylik xolati yo'q edi.

- "Sho'rtan" nega bitta hujumchi bilan o'ynadi?

- E'tibor qaratgan bo'lsangiz, dastlab ikki hujumchi bilan o'ynadik. Bekzod Suvonov, Muhriddin Zoirovlar hujumda edi. 10 kishi bo'lib qolganimizdan so'ng Bekzod Suvonov orqaroqda o'ynashiga to'g'ri keldi. Ikkinchi bo'limda Zafar Polvonovni chiqardik.

- "Xorazm"ning musobaqa jadvalidagi o'rni xotirjamlikka berilishga sabab bo'ldimi?

- Yo'q, bunaqa deb aytmagan bo'lardim. Pro-ligada o'tkinchi o'yinlar bo'lmaydi. Jamoalar har bir ochko uchun jiddiy kurashadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia