Anvar Berdiev: "Himoyachimiz raqib hujumchisiga ikkita gol sovg'a qildi"

Оқил Абдубарноев
5 okt 2022
Pro-liganing 20-turidan o'rin olgan "Xorazm" - "Turon" (2:1) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Anvar Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O'yin haqida

- "Xorazm"ga qarshi o'yin og'ir o'tishini bilardik. Maydonga moslashish jarayonidan o'tib birinchi bo'limning o'zidayoq bir nechta vaziyatlarni yaratdik. Mezbonlarda vaziyatlar kamroq edi, ammo ular ikkita imkoniyatdan foydalanib gol urib ketishdi. O'zimizning himoyachimiz qo'pol xatoga yo'l qo'ydi va qaysidir manoda "Xorazm" hujumchisining gol kiritishiga ko'maklashib yubordi.

- Yaypandagi o'yindagi "Xorazm"ning g'alabasiga tasodif deb baho bergandingiz. Bugun mezbonlar taktik va jismoniy jihatdan ustunlik evaziga g'alabaga erishdilarmi?

- Men bunday o'ylamagan bo'lardim. O'yin davomida ko'rdingiz, vaziyatlar bizda ko'proq edi. Ammo futbolda shunday, sen urmasang senga urishadi. Aynan o'tgan o'yinda xatoga yo'l qo'ygan himoyachimiz o'rnida o'ynagan himoyachi raqib hujumchisiga ikkita gol "sovg'a" qildi. Birgina futbolchini aytmasa, jamoamiz vakillarining bugun ko'rsatgan o'yinlaridan minnatdorman.

- Humoyun Murtozaev nega qaydnomaga kiritilmadi? 

- Murtozaev mashg'ulotlar vaqtida jarohat oldi va biz uni Xorazmga olib kelishni lozim topmadik.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia