Amirjon Safarov: “Qo'qonga faqat g'alaba uchun boramiz”

Narzulla Saydullayev
12 iyun 2019
“Dinamo” klubi hujumchisi Amirjon Safarov Superliganing 11-turidan oldin o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

- Futbolga kirib kelish qanday bo'lgan?
- 1995 yil Samarqand shaharda tug'ilganman. Akam Akmal Safarov Motrid mahallamizdagi futbol to'garagiga qatnardi. Akamga havas qilib, 2006 yildan boshlab 11 yoshimdan birinchi murabbiyim Same Egamberdiev qo'l ostida futbol sir-asrorlarini o'rganishni boshlaganman.

- “Dinamo”dagi faoliyat qanday boshlangandi?

- 2016 yil “Dinamo” bilan birinchi ligada o'ynagandim. Maqsadimiz oliy ligaga chiqish edi va shu yil birinchi ligada to'purar bo'lgandim. Jamoam esa oliy ligaga chiqqandi. 2017 yildan oliy ligada o'ynay boshlaganman.

- Nima uchun aynan hujumchi bo'lgansiz yoki murabbiy maslahat berganmi?

- Hujumchi bo'lish va gol urish yoqadi. Yoshligimdan hujumchilarni ko'rib havas qilardim va hujumchi bo'laman deb niyat qilganman.

- Bu mavsum Superligaga qaytarilgan “Dinamo”ning ishlari chakki emas. Mavsum oxirida qaysi o'rinni egallaymiz deb o'ylaysiz?

- “Dinamo”ning maqsadi iloji boricha yuqori o'rinlarga chiqish. Har bir bahsda maydonga g'alaba uchun tushamiz.

- “Dinamo” o'z maydonida istalgan raqib bilan tengma-teng o'ynamoqda va umuman yutqazmayapti. Biroq safardagi bahslarda buning butkul aksini ko'rayapmiz. Bunga biror sabab ayta olasizmi?

- To'g'ri safardagi o'yinlarimiz ijobiy bo'lmayapti. Buni to'g'rilashga harakat qilamiz. Safardagi uchrashuvlarda ham g'alaba qozonish va hujumkor o'ynashga intilamiz. Baribir istalgan klub o'z maydonida, o'z muxlislari qarshisida yanada kuchli o'ynaydi.

- Superliganing 11-turini vodiyda “Qo'qon-1912”ga qarshi o'tkazasizlar. Bu o'yin Qo'qondagi stadionning ochilishiga to'g'ri kelmoqda...

- Qo'qonda shu kuni stadionning ochilish marosimi bo'lib o'tishidan xabarimiz bor. Lekin biz Qo'qonga faqat va faqat g'alaba uchun boramiz. Uyog'ini o'yin ko'rsatadi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia