Aliqulov: "G'alaba bizni Superligaga yaqinlashtirdi"

Tolibjon Qosimov
23 okt 2024
Pro-liganing 24-turi doirasida "Olimpik MobiUz"ga qarshi o'yindan keyin "Mashal" ustozi Asror Aliqulov matbuot anjumanida qatnashdi.

O'yin haqida

- O'yin boshida kirishib ketishga qiynaldik. "Olimpik MobiUz" tezkor jamoa, maydonda bosh ko'targani vaqt bermaydi, pressingda o'ynaydi va qarshi hujumlarga zo'r chiqib ketishadi. Ularning to'p bilan muomalasi, futbolchilarning bir-birini tushunishi, agarda ularni sal bo'sh qo'ysangiz Pro-liganing istalgan jamoasiga muammolar keltirishi mumkin. Bugun raqib bizni jazolashi mumkin edi. Bu jamoa tez o'ynashga, bosim uyushtirishga harakat qiladi va shu boisdan o'yin yakuniga kelganda charchoq va bo'sh hududlar paydo bo'ladi. Oldingi o'yinda ham shundan foydalangandik. Bugun ham hujumlarning ko'p qismini qanotlardan uyushtirdik. Bugungi g'alaba bizni Superligaga yaqinlashtirdi. Futbolchilardan mavsum yakuniga qadar chiroyli o'yin ko'rsatishini va tezroq Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritishni so'rayapmiz.

- Yigitlar o'zlarini raqibdan kuchli deb hisoblagani uchun gol o'tkazib yubordimi?

- O'zimiz hujum boshlashda xatoga yo'l qo'yib, gol o'tkazdik. Goldan keyin o'zimizni yig'ishtirib oldik deya olmayman. Chunki "Olimpik MobiUz" goldan keyin ham bosim uyushtirishga harakat qildi. Biz hujumga o'tishga intildik va bir hujumni golga aylantirdik. Ikkinchi bo'limda tezlik qo'shdik. Raqib tez o'ynashga harakat qilib, to'pni yo'qotganida fol ishlatishni boshladi. Bugun bo'sh hududdan, standart vaziyatdan va tezlik orqali gol urdik. Ushbu g'alaba bilan jamoani, rahbariyatni va barchani tabriklab qolaman.


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: Championat.asia