Aleksandr Xomyakov: "Birinchi bo'limda gol o'tkazib yubormaslikni reja qilgandik"

Aslanov Jasurbek
8 apr 2023, 22:21
Vodiy derbisida uchralgan mag'lubiyatdan so'ng "Andijon" ustozi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Aleksandr Xomyakov: "Tezkor gol o'yin taqdirini hal qildi. Rejalarimizda birinchi bo'limda gol o'tkazib yubormaslik bor edi, ammo uddalay olmadik. Raqib o'z imkoniyatlaridan foydalanib qoldi, biz esa ularni ko'kka sovurdik.

Ikkinchi bo'limda ustunlikka erishgan bo'lsakda, gol ura olmadik. Hech bo'lmasa bitta gol urib, bahsga intrigani qaytarishimiz kerak edi. "Neftchi"ni tabriklayman, ular natija uchun o'ynashyapti va shung yarasha jadvalda yetakchilik qilishmoqda.

- Keyingi bahs ham vodiy derbisi...

- Ha, bu derbi o'yinlari o'zgacha ahamiyatga ega. Derbida bunday o'ynash kerak emas. Bunday bahslarda himoyada tartibli o'yin ko'rsatish kerak. Raqibda 2ta vaziyat bo'ldi va ular hammasidan unumli foydalanishdi. Keyingi derbilarga tayyorlanishda davom etamiz.

- Eldor Adhamov qachon safga qaytadi?

- Hozircha noma'lum. Tezroq qaytishiga umid qilyapmiz.

- Ikkinchi bo'limda zaxiradan bahsga qo'shilgan futbolchilar o'yiniga qanday baho berasiz?

- Zaxiradan maydonga tushganlar yomon o'ynashdi demayman. To'g'ri, yigitlar harakat qilishdi. Ammo faqat harakatning o'zi etarli emas. Raqib bizni mahorat borasida ortda qoldirdi. Chetlatishdan so'ng ochiqroq o'yin ko'rsatishga majbur bo'ldik. Ikkita vaziyatda gol urishga juda yaqin keldik, biroq darvozabon yaxshi harakat qildi. "Neftchi" natija uchun juda yaxshi o'ynadi.

- "Andijon" ikkinchi yoki uchinchi rejasini ishga solishiga "Neftchi" halaqit qildimi?

- Har bir o'yinga ma'lum bir reja bo'ladi. Biroq futbolchilar maydonda borini berib harakat qilmasa, hech qanday reja ish bermaydi. Asosiy vazifa birinchi bo'limda himoyada ishonchli o'yin ko'rsatish bo'lgan edi. Lekin vazifa bajarilmadi. Qisqasi rejalarimiz ish bermadi. "Neftchi" esa yaxshi harakat qildi.

- Jamoaga yetakchi yetishmayotgandek...

- Hammamiz futbolchilar tezroq jamoa o'yiniga ko'nikib, yaxshiroq harakat qilishini xohlaymiz. Yetakchi o'z o'yini bilan boshqalarga namuna bo'lishi kerak. Bugungi bahsda hech kimga etiroz bildirmoqchi emasman. Yigitlar harakat qilishdi, xohlashdi, ammo qayerdadir mahorat, qayerdadir omadsizlik natijaga ta’sir ko'rsatdi.

- Birinchi bo'limda Bobur Farhodov o'rniga Rubin Xebayni tushirsa bo'lmasmidi?

- Birinchi bo'limda... Hamma o'zini stategdek ko'radi. Xebay ikkita bahsda ishtirok eta olmadi, rahbariyat harakati bilan u tarkibga qaytdi. Uni keyinroq maydonga tushirmoqchi bo'ldik.



Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia