Akmal Mozgovoy: "Norchaev va Saitovning ketishi "Nasaf"ga ta’sir qildi deb hisoblamayman. Ushbu mavsum chempionlik uchun kurashishga kuchimiz etadi"

Alisher
20 apr 2023
"Nasaf" yarim himoyachisi Akmal Mozgovoy Championat.Asia muxbiri Emil Bermuhamedovga intervyu berdi va unda mavsum starti, jamoaning samaradorligi va O'zbekiston terma jamoasiga chaqirilmagani haqida gapirib berdi.

- "Nasaf" mavsumni biroz omadsiz boshladi. Bu haqida nima deb o'ylaysan?

- Mavsumni yomon boshladik deb hisoblamayman. Hozirda birinchi o'rindan atigi uch ochko farqimiz bor. Xatolar ustida ishlaymiz, qattiq mehnat qilamiz va shunday davom etamiz.

- Seningcha, jamoa mavsum so'nggida qayerda bo'ladi?

- Ushbu mavsum chempionlik uchun kurashishga kuchimiz etadi deb hisoblayman.



- Mavsumning dastlabki turlarida "Nasaf"da gollarni asosan mudofaa chizig'i o'yinchilari urmoqda. Nima deb o'ylaysan, bu nima bilan bog'liq?

- Kim urishining farqi yo'q - asosiysi jamoaning g'alaba qozonishi. Barchamiz g'alaba qozonish uchun maydonga chiqamiz.

- Norchaev va Saitovning ketishi jamoa o'yiniga ta’sir o'tkazdimi?

- Unchalik kuchli ta’sir qildi deb hisoblamayman. Ularning o'rniga sifatli o'yinchilar keldi. Ular ketgan futbolchilardan yomon ko'rinishmaydi deb o'ylayman.

- "Alaniya"ga o'tganidan so'ng Norchaev bilan gaplashasizmi?

- Ha, biz aloqani saqlab turibmiz.

- U Rossiyadagi futbol haqida nima deydi?

- Unga u er yoqadi. U erda asosan jismoniy holatga e'tibor qaratilishini, futbol esa ko'proq to'qnashuvlarga boy bo'lishini aytdi.



- Sen "Nasaf" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanasan va klubning asosiy tarkibida o'ynaysan. Qachondir boshqa jamoaga ketish varianti amalga oshadi deb o'ylaysanmi?

- Ha, buni inkor etmayman. Bu futbolning bir qismi. Barcha chet elda o'ynashni, futbol bo'yicha rivojlanishni xohlaydi.

- Agar sir bo'lmasa, qaysi ligada o'ynashni xohlarding? Yoki Superliganing qaysidir klubidami?

- O'zbekistonda o'zimni "Nasaf"dan boshqa hech qayerda ko'rmayman. Xorijdagi faoliyatning boshlanishi uchun esa Rossiya chempionatini ko'rib chiqish mumkin. Bu sal keyinroq yuqoriroq saviyadagi Yevropa mamlakatlariga yo'l olish uchun o'tish vazifasini bajaradi.

- O'tgan mavsum 22-raqam ostida o'ynading, ushbu mavsumda esa "ettilik"da ko'rdik. Raqam almashtirishing sababi nima?

- Shunchaki raqam bo'shadi va uni o'zimga olishga qaror qildim. Shuningdek, unda mening kumirim Krishtianu Ronaldu o'ynaydi. Bolalikdan uning o'yini yoqadi, shu sabab "ettilik"da o'zgacha ramziylikni ko'raman.



- O'zbekiston terma jamoasining mart oyidagi o'yinlariga seni chaqirishmadi. Nima deb o'ylaysan, bu nima bilan bog'liq?

- To'g'irlashim kerak bo'lgan kamchiliklarim bor shekilli.

- Katanets bu borada sen bilan gaplashmadimi?

- Yo'q, u bilan gaplashmadim. Faqatgina yig'inlar paytida qanday o'ynash va kim maydonda qanday harakatlanishini tushuntirishadi.

- Terma jamoa tarkibiga qaytishni rejalashtiryapsanmi?

- Albatta, o'z oldimga shunday maqsad qo'yaman. Terma jamoaga yana chaqiruv olish uchun ishlashda va o'z o'yinimni kuchaytirishda davom etaman.


Emil Bermuhamedov suhbatlashdi

Alisher Ostonov tarjimasi


AlisherMuallif
Manba: championat.asia