Ahmadjon Musaev: Biz har doim g'alaba uchun to'p suramiz

Narzulla Saydullayev
27 iyun 2013
O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ahmadjon Musaev Xorvatiyaga qarshi o'yinda uning shogirdlariga biroz omad kulib boqmaganini qayd etib o'tdi.
Yaxshi o'yin guvohiga aylandik. Bugungi o'yini uchun Xorvatiyaga minnatdorchilik bildirishni istardim. Biz g'alaba qozonishni, keyingi bosqich masalasini hal qilishni maqsad qilgandik, biroq bugun biroz omad kulib boqmadi, - dedi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi.

O'zbekiston yoshlar terma jamoasi Xorvatiyaga qarshi o'yinda birinchi bo'lib hisobni ochishdi. O'yin davomida hisobni oshirish uchun qator imkoniyatlarga ega bo'lishdi, biroq oxir-oqibat yagona xato sabab o'tkazib yuborilgan birgina gol Ahmadjon Musaev shogirdlarini keyingi bosqich yo'llanmasini taqdim etishi mumkin bo'lgan uch ochkodan mahrum qildi. Shunga qaramay, 1:1 hisobidagi durang har ikkala jamoaning guruhdagi o'z mavqelarini saqlab qolish imkonini beradi.

Ha, shogirdlarimning Xorvatiyaga qarshi uchrashuvdagi harakatlaridan qoniqish hosil qildim. Jamshid Iskanderovning almashtirilishi haqida to'xtaladigan bo'lsam, biz gol urishni maqsad qilgandik, shuning uchun ham ushbu futbolchini almashtirishga qaror qildik, - dedi Ahmadjon Musaev.

Guruh bosqichi 3-turida O'zbekiston yoshlar terma jamoasini yana bir oson bo'lmagan bahs kutib turibdi. 29 iyun, shanba kuni Antaliyadagi Akdeniz universiteti stadionida o'tkaziladigan bahsda har ikkala jamoa ham g'alaba uchun maydonga tushishi shubhasiz. Xususan, 2-turda Yangi Zelandiyani mag'lubiyatga uchratgan janubiy amerikaliklar so'nggi turda keyingi bosqich yo'llanmasini hal etish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishlari turgan gap. Ammo, Ahmadjon Musaevning alohida takidlashicha, O'zbekistonni ham g'alabadan boshqasi qoniqtirmaydi.

Biz har doim, qanday vaziyat bo'lishidan qatiy nazar, faqat va faqat g'alaba uchun to'p suramiz. Tarkib bilan bog'liq qandaydir tajriba amalga oshiriladigan bo'lsa, buni Urugvayga qarshi o'yinda albatta ko'rib, bilib olasiz. Bizning bosh maqsadimiz – yolg'iz Urugvaynigina mag'lub etish emas, balki pley-offdagi birinchi o'yinda ham g'alaba qozonishdir, - deya qo'shimcha qildi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ahmadjon Musaev.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: