Adeyemi xotini sabab "Borussiya"dan ketishi mumkin. Xip-xop ijrochi Loredana Dortmundda emas, Yevropa megapolisida yashashni xohlamoqda

Aslanov Jasurbek
17 dek 2025
Adeyemi turmush o'rtog'i tufayli "Borussiya"dan ketmoqchi.

Hujumchi Karim Adeyemi rafiqasi sababli Dortmundning "Borussiya" klubini tark etishi mumkin.

"Bild" ma'lumotlariga ko'ra, Germaniya terma jamoasi futbolchisi klub rahbariyatiga boshqa jamoaga o'tish niyatida ekanligini ma'lum qilgan.

Gap shundaki, Karimning turmush o'rtog'i – asli kosovalik bo'lgan shveytsariyalik xip-xop ijrochi Loredana Zefi Aliu Dortmundda emas, balki boshqa Yevropa shahrida, yirik megapolisda yashashni istamoqda.

Adeyemining "Borussiya" bilan shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo'ljallangan. "Transfermarkt" hujumchini 60 million evroga baholamoqda. Noyabr oyida Karim "MYU" va "Inter" bilan muzokaralar olib borayotgani xabar qilingandi.

Joriy mavsumda 23 yoshli futbolchi Bundesligada 14 ta o'yin o'tkazib, 4 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Bild