

2019 yilgi Superliga, Pro-Liga va O'zbekiston Kubogi uchrashuvlarini bevosita stadionning o'zida yoritishni maqsad qilgan barcha turdagi OAV vakillari o'z hodimlari ro'yxati kiritilgan arizani 4 fevral kunidan 17 fevralgacha O'zPFL elektron pochtasi (info@pfl.uz)ga jo'natishlari talab etiladi.
Akkreditatsiyaga ariza berish namunasi va talablari bilan O'zPFL rasmiy saytining Hujjatlar bo'limidagi Akkreditatsiyadan o'tkazish tartibi faylini ko'chirib olish orqali tanishish mumkin.
Ma'lumot o'rnida, 2013 yilda O'zPFL Matbuot xizmati tomonidan Akkreditatsiyadan o'tkazish tartibi ishlab chiqilgan bo'lib, unda jurnalistlarga akkreditatsiya berish jarayonida e'tibor qaratiladigan jihatlar batafsil ko'rsatib o'tilgan.
Qayd etish joiz, akkreditatsiya sportga ixtisoslashgan internet-nashrlari hodimlariga nashrning O'zbekiston qonunchiligiga asosan rasman ro'yxatdan o'tganligi va kundalik tashrif buyuruvchilari soni 5000dan ortiq bo'lishiga qarab berilishi ko'zda tutilgan.
Ta'kidlab o'tamiz, 2019 yilgi mavsum uchun barcha turdagi akkreditatsiya kartalari faqat O'zPFL matbuot xizmati tomonidan beriladi.




