2 mln obunachisi bo'lgan bloger “Gerta” safida debyut qilib, penaltidan gol urdi

Оқил Абдубарноев
7 dek 2023
Millioner bloger Germaniya kubogida debyut qildi.

Nodir al Jindaui oldin faqat yoshlar darajasida va Germaniyada quyi ligada o'ynagan.

2022 yilning yozida vinger "Gerta-2"ga taklif qilingan. U klub safida "Shimoliy-Sharq" mintaqaviy ligasida (4-divizion) o'ynaydi.

Bir kun avval u “Gerta”ning asosiy tarkibida – Germaniya kubogi 1/8 finalida “Gamburg”ga qarshi o'yinda debyut qildi. Bu o'yin uning professional darajadagi dastlabki o'yini edi. Futbolchi 27 yoshida debyut qildi.

Al Jindaui 1:2 hisobi qayd etilayotgan payt 80-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi. 90-daqiqada "Gerta" hisobni tenglashtirdi va o'yin qo'shimcha taymga ko'chdi. Qo'shimcha bo'limlarda jamoalar bittadan gol urishdi - 3:3.

G'olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Nodir penaltini golga aylantirdi va "Gerta"ning seriyada 5:3 hisobida g'alaba qozonishiga hissa qo'shdi.

Al Jindauining Instagram'da 2 million, YouTube'da esa 1,75 million obunachisi bor. Bloger Germaniyada tug'ilgan, ammo kelib chiqishi falastinlik hisoblanadi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Bild