Ukraina bosh murabbiyi: "Braziliya haqida o'ylaganimiz yo'q"

Оқил Абдубарноев
30 sen 2024, 02:17
Futzal bo'yicha jahon chempionati 1/4 final doirasidagi Venesuelaga qarshi o'yindan so'ng (9:4) Ukraina bosh murabbiyi Oleksandr Kosenko saytimizga intervyu berdi.

"Bugun juda qiziqarli o'yin guvohiga aylandik. Menimcha, uchrashuv muxlislarga manzur bo'ldi. Biz yarim finaldamiz, yani dunyoning eng kuchli to'rt jamoasidan birimiz.

Jamoviy hamjihatligimiz g'alabada muhim rol o'ynadi. Bunday darajadagi bellashuvlarda faqatgina jamoaviy g'alabaga erishish mumkin.

Keyingi raqib - Braziliya haqida o'ylab ko'rganimiz yo'q, sababi avval Venesuelani mag'lub etish lozim edi. Bor e'tiborimiz bugungi uchrashuvga qaratilgandi. Keyingi raqibni endi o'rganib chiqamiz.

Shu o'rinda muxlislarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ukrainadagi vaziyat barchaga ma'lum. Buni so'z bilan ifodalab bo'lmaydi. Buni shunchaki his qilish kerak. Biz yaqinlarimizning daldasini, matonatini his qilib turibmiz va muxlislarimizning qo'llab-quvvatlovi tufayli yaxshi natijaga erishyapmiz", dedi Kosenko.

Eslatib o'tamiz, Ukraina terma jamoasi yarim finalda Braziliyaga qarshi bahs olib boradi.


Oqil Abdubarnoev suhbatlashdi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia