Farg'onada zamonaviy talablar asosida futbol akademiyalari barpo etilmoqda

Sherzod Nurmatov
6 fev 2026, 11:29
So'ngi yillarda yurtimizda futbol sport turining ommaviyligini oshirish, mahalliy yoshlarni futbol bilan shug'ullanishlarga keng sharoitlar yaratish maqsadida qator samarali ishlar olib borilyapti.

Jumladan, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi vice-prezidenti Ravshan Ermatov va Farg'ona viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi vice-prezidenti Xayrullo Bozarov ishtirokida ko'rib chiqilgan "Neftchi" futbol klubining yangi va zamonaviy talablar asosida barpo etiladigan futbol akademiyasi loyihasi yuzasidan ayni kunlarda ishlar jadal tus olgan. 

Farg'ona shahridagi "Istiqlol" stadioni yondosh xududida tashkil etiladigan ushbu akademiya Yevropa standartlari asosida jami 160 o'rin quvvatiga ega bo'ladi. Takidlash joiz, Ukraina futbolida katta tajribaga ega mutaxassis, sobiq murabbiy Igor Ivanovich Ximich ushbu “Neftchi” futbol akademiyasi direktori sifatida faoliyat yuritadi.

"Neftchi" futbol akademiyasi loyihasi yosh futbolchilarni zamonaviy sharoitlarda tarbiyalash, sport infratuzilmasini rivojlantirish hamda viloyatda futbol tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda akademiya xududida o'quv binolari, yotoqxona, tibbiyot markazi, sun'iy va tabiiy maysalarga ega bo'lgan maydonlar qurilishi bosqichma-bosqich yakunlanmoqda.

Bundan tashqari, futbol akademiyasi direktori Ravshan Mirzakarimovning takidlashicha, viloyat futbol akademiyasida xam ishlar jadal olib borilmoqda. Eski "To'qimachi" stadioni o'rnida zamonaviy standartlarga mos bitta tabiy hamda bitta suniy qoplamali futbol maydonlari tashkil etilmoqda. Farg'ona viloyatida futbol infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan rejalar va takliflar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish bo'yicha O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Farg'ona viloyati hokimligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida yo'l xaritasi rejalashtirilmoqda.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia