Sergey Lushchan: "Omadimiz kelib mag'lubiyatdan qutulib qoldik. Jamoaning 40% yig'inning so'nggi kunlarida safimizga kelib qo'shildi"
03 avg 06:30
Yangiliklar


Sergey Lushchan: "Omadimiz kelib mag'lubiyatdan qutulib qoldik. Jamoaning 40% yig'inning so'nggi kunlarida safimizga kelib qo'shildi"
"Juda og'ir o'yin bo'ldi. Ayniqsa birinchi bo'lim. Omadimiz kelib mag'lubiyatdan qutulib qoldik. Menimcha, o'yinga noto'g'ri taktika tanlaganimizdan dalolat. Belarusdagi yig'inimiz doirasida ayrim muammolarga duch keldi. Jamoaning 40% yig'inning so'nggi kunlarida safimizga kelib qo'shildi. Ular o'z yurtida nimalar bilan band bo'lganini bilmayman. Uch nafar futbolchi esa Toshkentda individual tarzda mashg'ulot olib bordi. Futbolchilar o'yinga umuman tayyor emas edi. Qo'rqmasdan, yig'inda to'liq ishtirok etgan futbolchilardan iborat tarkibni maydonga tushiraverishimiz kerak edi. Shunda birinchi bo'lim biz uchun osonroq kechgan bo'lardi. Natijadan o'ta ko'nglim to'ldi, sababi mag'lubiyatdan qutulib qoldik. Birinchi turdan keyin "Dinamo" chempionlik uchun kurashadigan jamoalardan biri bo'ladi deya aytgan edim. Juda yaxshi jamoa tuzilgan. Murabbiylar shtabiga va futbolchilarga respekt. Ikki uchrashuvda ham bunday raqibga qarshi durang qayd etganimizdan xursandman. O'yin muxlislarga yoqdi degan umiddaman. Albatta, mahalliy muxlislar o'z jamoasining g'alabasini kutgan edi. Yulduzlar bugun biz tomonga porlagan shekilli" - deya fikr bildirdi Sergey Lushchan bugungi uchrashuv haqida.
- Komilov bugun zaxiradan maydonga tushib, o'z jamoasining ikki golida ham ishtirok etdi. Komilov "Dinamo"da ham o'ynagan edi va jamoadan norozi bo'lib ketgan. Ushbu faktor unga bugun qo'shimcha motivaciya berganmikan?
- Bilmadim, uning o'zidan so'rasangiz yaxshiroq bo'ladi, nazarimda. Shohmalik asosiy tarkib futbolchisi. Men u bilan ko'p muloqot qilaman. O'zi ham zaxira o'yinchisi emasligini tushunadi, ammo u sabr qilishi kerak va bizga ko'proq ikkinchi bo'limda maydonga tushib, o'yinni kuchaytirishi kerakligini aytamiz. Tanaffusda tarkibimizni ham kuchaytirib oldik.
Bugun biz xatoga yo'l qo'ydik. Birinchi tur bo'lgani sababli, tajribaliroq futbolchilarni maydonga tushirgan edik. Masalan, Teydi Toshkentda bor-yo'g'i uch kun mashg'ulot o'tkazdi. Xorijdagi yig'inimizda ishtirok etmadi. Sezar va Gabriel yig'in tugashiga besh kun qolganida safimizga qo'shilishdi. Yoshlardan iborat tarkibni tushirishga biroz cho'chidik, ammo hayot shunday ekan. Kim o'yinga tayyor bo'lsa, o'sha futbolchini maydonga tushirishimiz kerak ekan.
Birinchi bo'limni zo'rg'a yakunlab oldik, 20-daqiqaning o'zidayoq o'zgarishlar qilishimiz mumkin edi. Kerakli xulosalar chiqardik.
- Bir nechta futbolchilar yig'inda ishtirok etmadi dedingiz. O'sha futbolchilar asosiy ishini tashlab, nima bilan band bo'ldi?
- Men ham o'zimga o'zim shu savolni beryapman. Ular o'z vatanlarida nimalar qilganini bilmayman. Masalan, Teydi pasporti tufayli Belarus va Rossiyaga kiritilmas ekan. Nigeriya fuqarolari hech qanaqasiga Belarusga kiritilmas ekan. Masalani hal qila olmadik. U Toshkentda individual tarzda shug'ullandi, ammo individual mashg'ulotlarda qanchalik mehnat qilgani menga qorong'i. 20-daqiqadan so'ng u yo'qolib qoldi. Sezar bilan so'nggi daqiqagacha shartnoma imzolay olmadik. Okean orti, vaqtlardagi farq va agentlar bilan bo'lgan muammolar tufayli. Igor esa bir yarim yil davomida uyiga bormagan ekan, biz unga uch kun qo'shimcha dam berdik. Safimizga esa biz kutgan formada qaytmadi. Menimcha, Kopakabana va karnavallar o'z tasirini o'tkazgan bo'lsa kerak. Axir u braziliyalik.
Boltaboev so'nggi bir yarim oy davomida "Neftchi"dan keta olmadi. Yig'in tugashiga ikki kunga qolganda safimizga qo'shildi. Uni uchinchi turga kelibgina asosiy tarkibga qo'shsak kerak. Muammolar etarlicha. Menga G'iyosov juda yoqdi, yig'inlarda ham buni sezdim. Juda sifatli o'yinchi ekan.
Mirsaidov va Jiyanov ham besh kun qolganda kelishdi. Ular "Navbahor"da ijarada va transfer oynasida ular boshqa klubga o'tishi va o'tmasligi sababli shunday bo'ldi. Qarang, o'yinchi jamoa bilan bir hafta bo'lmadimi, demak u yaqinlashib kelayotgan ikki haftadagi o'yinlarda ishtirok eta olmaydi. Bizning futbolchilar esa uch hafta davomida jamoa bilan birga emas edilar. Ular tanaffus davrida nima bilan band bo'lganidan xabarim yo'q, lekin sen professional futbolchisan va o'z sport holatingga jiddiy qarashing kerak, nazarimda. Nima bo'lganda ham ulardan minnatdorman, durang qayd eta oldik. Og'ir o'yin bo'ldi. Komilov g'alaba golini ham kiritishi mumkin edi.
- Superliga jadvali juda zich, naqd to'rt jamoa 30 ochko to'plagan. Superligadagi raqobat haqida fikr bildirib o'tsangiz...
- Agar biz so'nggi uchrashuvda "Paxtakor"ni mag'lub etganimizda ikkinchi o'ringa joylashib olgan bo'lar edik. Men bunday raqobat bo'lgan mavsumni eslay olmayman. Bizda ikkinchi maqsad ham bor. Bu Kubok bahslari. Nasib qilsa, ikki mavsumda ketma-ket finalda o'ynaymiz deya reja qilib turibmiz.
Mening fikrimcha, Superliga taqdiri so'nggi 7-8ta turda hal bo'ladi. Bunga 100% ishonaman. O'tgan mavsumda ham shunday bo'lgandi, so'nggi 8 turga katta etibor qaratgandik.
- "Navbahor" transferlar oynasida ancha aktiv bo'ldi. Futbolchilarni sotdi va o'z safiga qo'shib oldi. Transfer kampaniyasidan qanchalik ko'nglingiz to'ldi? Masalan, mavsum avvalida jamoaga kelgan Sergey Karpovich nega yarim yildan so'ng jamoani tark etdi? Odilov qanchalik katta yo'qotish?
- Sergeyga Belarusda yangi mavsumda chempion bo'ladigan jamoa taklif bilan chiqdi. Unga "Navbahor" shartnomasi bilan bir xil shartnoma taklif qilishdi. U farzandli bo'ldi, ayoli esa Belarusda yolg'iz edi. U bizdan iltimos qildi va biz unga rad javobini bermadik. Chaqaloqli ayol turmush o'rtog'isiz qiynalib qolgan edi. Albatta, yo'q deyishimiz ham mumkin edi, ammo bunday holatda uning fikru hayoli to'liq oilasi bilan bo'lar edi. U maydonga tushish va futbol haqida o'ylamay qo'yar edi. Futbol esa har doim to'liq etibor talab qiladi. Shu sababli yo'q demadik va kichik summa ham ishlab oldik.
- "Navbahor" "Oq-tepa" klubidan ham bir futbolchini o'z safiga qo'shib oldi. Kubokda esa ikki jamoa to'qnash kelgan edi. Aynan o'sha o'yindan so'ng ushbu futbolchiga etibor qaratdingizmi?
- Yo'q, etibor bersangiz, biz so'nggi vaqtlarda juda ko'p yosh futbolchilarni jalb etyapmiz. Viloyat rahbariyati jamoa qurishimizga uch yil vaqt bergan, biz esa sekin-astalik bilan ushbu vazifani bajaryapmiz. Talantli yoshlar ko'p. Imkon qadar ularni safimizga qo'shib olishga harakat qilyapmiz. Tarkibimizda yoshi katta va yaqin kelajakda murabbiylikni boshlaydigan futbolchilar bor. Ushbu futbolchilarning o'rnini yoshlar to'ldirishi kerak bo'ladi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar