Qo'qon va Qo'qon futboli haqida
13 may 2014 12:28
Yangiliklar


Qo'qon va Qo'qon futboli haqida
3 000 so'mlik chipta yakunda 40 000 so'mgacha chiqdi. Birinchi ligada o'rtacha jamoani saqlab turish uchun 400-500 million so'm kifoya qiladi. Jamoa futbolka va chipta sotuvining o'zidanoq shu mablag'ni hech bo'lmaganda yarmini ishlab topishi mumkin. Lekin bir narsaga tan berishimiz kerak, “Qo'qon-1912” O'zbekistonda birinchilardan bo'lib shaxsiy homiy titulini o'z futbolkasiga yopishtirgan. Tezkor internet provayderi bo'lgan “EVO”, jamoaning titul homiysi. Bosh homiy esa “Spirt zavodi”. Odatda bizda klublarimiz davlat tomonidan ajratiladigan homiyni o'z futbolkalarida reklama qilishadi. “Qo'qon-1912” esa qo'shimcha tarzda “EVO” bilan shartnoma tuzib uni targ'ib qilyapti.
SHunday davr bo'ldiki, jamoa muxlislari sevimli klublarini na oliy ligada, na birinchi ligada ko'rdilar. Bu kunlarni dushmanimizga ham ravo ko'rmaymiz degan muxlislarni uchratdim. Haqiqatdan ham Qo'qonda futbolni juda ham sevishadi. Kim nima desa desin-u, Qo'qonning muxlislariga etadigani yo'q. Buni ular yillar davomida birinchi ligada ham isbotlab berdilar. Manaman degan muxlis ham jamoasini birinchi ligada ko'rsa stadionga bormay qo'yadi, lekin qo'qonliklar emas.
SHu joyda bir narsani hech hazm qila olmayman. Jamoadan yaxshi o'yinchi chiqsa, viloyatning birinchi raqamli jamoasi “Neftchi” deb u erga olib o'taverishadi. Yaqinda jamoa bosh murabbiyini ham olib ketishdi. Nima, “Qo'qon-1912” jamoa emasmi yoki qo'qonliklar “Neftchi”ga muxlismi? To'g'ri, Qo'qon va Farg'ona bir viloyat degan tushuncha mavjud. Lekin o'rtadagi masofa bir soatdan kam emas. Masalan, “So'g'diyona” bilan “Dinamo” bir jamoa emas-ku!? Yoki “Metallurg” bilan “Paxtakor” bir jamoami? Aslida “Qo'qon-1912” oliy ligadagi “MEN” degan jamoadan ham kattaroq, ulug'roq jamoa. Lekin buni tushunib etmaymiz shekilli. Qo'qondan etishib chiqqan yulduzlarning barini bir erga yig'sangiz bormi?, Sanab beraymi? No'mon Hasanov, SHuhrat Raxmoqulov, Baxtiyor Ashurmatov, Umid Isoqov, Muxtor Qurbonov, Rustam Abdullaev, ota-bola Bahrom va Rustam Hakimovlar. Koreys millatiga mansub Sergey Ni yodingizdan chiqmagan bo'lsa kerak. Bu hududni men Qashqadaryoning SHaxrisabz va Kosoniga o'xshataman. Namanganning To'raqo'rg'oni ham shunday yulduzlarni elimizga taqdim etgan. Yana bir necha kishini yozmadim. Agar Qo'qon hududida ixchamgina bitta akademiya ochilsa bormi? SHuning uchun ham “Qo'qon-1912” “Neftchi” soyasida qolishiga qo'shila olmayman.
Bizda chet elning xo'rozqandini mazza qilib “yalashadi”. Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q. Qo'qon tabiatan futbolchilarning sog'lom bo'lishida tabiiy boyliklarga ega hudud sanaladi. SHifobaxsh qum va sho'r suvda tabiiy sharoitdagi muolaja futbolchilarni tetik qilish bilan birga sog'ligini tezda tiklashga yordam beradi. Bu hududga Respublikamizning chekka-chekka hududlaridan kelib shifo topib ketishadi.
Qisqasi shu. “Qo'qon-1912” futbol klubi muxlislar uchun oliy ligaga munosib, lekin muxlislar ishonchini suiistemol qilmasdan turib, halol va pok mehnat qilish orqaligina jamoa oliy ligada o'z o'rniga ega bo'lishi kerak.
Nodirxo'ja Yuldashev

Fikrlar