KXDR terma jamoasi nima uchun Laosda o'ynamayapti?
19 mar 12:25
Yangiliklar


KXDR terma jamoasi nima uchun Laosda o'ynamayapti?
Endilikda har bir voqeani sinchiklab kuzatib borishga majburmiz. Guruhdagi raqibimiz KXDR (Shimoliy Koreya) terma jamoasining navbatdagi uy uchrashuvini Laosda emas, balki Saudiya Arabistonida o'tkazishi qator gap-so'zlarga sabab bo'lishda davom etmoqda.
Gap aslida KXDRning qaerda o'ynashida emas, gap ularning raqibi kimligida. Shimoliy Koreya shu paytgacha uchta uy uchrashuvini Laos poytaxtida o'tkazdi. Shimolliklar Qatar, Eron va O'zbekiston bilan Laosda kurash olib bordi. Lekin BAA bilan o'yinga kelganda bu jamoa Laosda o'ynamaydigan bo'ldi va undan ko'ra Saudiya Arabistonida joylashgan "Shahzoda Faysal bin Fahd" stadionini tanlandi.
Bizning hayronligimiz nimada? Hamma qatori BAA terma jamoasining Laosga bormasligida. Chunki biz 13 ochko to'plagan bo'lsak, BAA 10 ochko bilan izma-iz taqib qilyapti. BAA bizdan o'zib ketishini xohlamaymiz, shu bois nafaqat o'zimizga, balki raqiblarimizga bog'liq bo'lgan har bir detalga etibor berishga majburmiz. Hammasiga shunchaki ko'z yumib tura olmaymiz.
KXDR - BAA uchrashuvi Laosdan Saudiya Arabistoniga ko'chirilgach, ko'pchilik bunda BAAning qo'li bor, ular o'zlariga oson bo'lishi uchun Shimoliy Koreyani ko'ndirishdi, kerak bo'lsa stadion topib yo'lkira xarajatlarini ham qoplab berishadi deya taxmin qila boshladi. Endi bu faqat gap-so'zlar xolos. Aslida o'yin ko'chirilishining sababi boshqa yoqda ekan.
Gap shundaki, 20 mart kuni Laos ham o'z maydonida o'ynaydi. Shri Lanka terma jamoasi bilan bo'ladigan o'rtoqlik uchrashuvi xuddi shu kunga qo'yilgan. Mamlakat poytaxtida xalqaro darajadagi uchrashuvni qabul qila oladigan stadion bitta shekilli Laos o'z uyida o'ynashini bilgach, KXDR zudlik bilan boshqa variant qidirishga tushdi. Natijada yana bir betaraf maydon sifatida Ar Riyoddagi stadion tanlandi.
Qoidaga ko'ra, terma jamoalarga OFK stadion topib bermaydi. OFK faqat stadionlarni qabul qiladi va o'yin o'tkazsa bo'lishi yoki bo'lmasligini aytadi. Yani, bu o'rinda OFK Laosga hech qanaqa yordam bermagan. BAA shimolliklarning qulog'iga shu yaqin atrofda yaxshi stadion bor, shu erga kelib o'ynanglar deb shipshitib qo'ygan bo'lishi mumkinmi? Mumkin. Har holda bu vaziyatda har qanday gumon xayolga keladi.
Uy o'yinlarini bir davlatdan boshqasiga ko'chirish yangilik emas. Masalan, "B" guruhidagi Falastin birinchi uy uchrashuvini Malayziyada (Iordaniyaga qarshi), ikkinchi uy uchrashuvini Qatarda (Quvaytga qarshi) va uchinchi uy uchrashuvini Iordaniyada (Janubiy Koreyaga qarshi) o'tkazdi. Uchta uy uchrashuvida uch xil stadiondan foydalandi. Falastin terma jamoasi cheklov va taqiq sabab JCH saralash bahslarini o'z maydonida o'ktaza olmayapti, shu bois har gal stadion qidirishga majbur bo'lmoqda.
OFK nazdida terma jamoalar bunday vaziyatda neytral stadion topsa bo'lgani. Qaysi o'yingohni afzal deb bilish esa mezbon jamoaning o'ziga bog'liq. Yana Shimoliy Koreya mavzusiga qaytamiz. Bu jamoa 20 mart kuni Qatar mehmoni bo'ladi, shundan so'ng Saudiya Arabistoniga parvoz qilib, BAA bilan o'yinga tayyorgarlik ko'radi. Yani bu o'rinda KXDRning nima sababdan Ar Riyodni tanlashiga mantiq bor. Ikkala o'yin orasidagi vaqt besh kun ekanini inobatga olsak, jamoa ortiqcha toliqib qolmasligi uchun ham Saudiya variantini tanlagan desa bo'ladi.
OFK terma jamoalar oldiga "betaraf maydon" talabini qo'ydimi, muhimi o'yin boshqa mamlakatda o'tkazilsa bo'lgani. Bu o'rinda yana bir jihatni keltirib o'tamiz: birinchisi, o'yin raqib jamoa mamlakatidagi stadionlardan birida o'ynalmaydi va ikkinchisi o'yin Osiyodan tashqari o'tkazilmaydi. Yani neytral stadion deganda OFKga azo mamlakatlardan birining o'yingohi bo'lishi shart.
Buning sababi shuki, Falastin terma jamoasi Jazoirda o'ynashni xohladi, Shimoliy Koreya hatto Turkiya variantini tanladi. Lekin OFK bunga ko'ngani yo'q. Jamoalarga OFKga azo davlatlardan birida o'yin bo'lishi kerak deb tushuntirildi. Qolaversa, betaraf maydonda o'ynayotgan jamoalar faqat Shimoliy Koreya bilan Falastin emas. Livan, Suriya, Afg'oniston terma jamoalari ham boshqa stadionlarda uy uchrashuvlarini o'tkazib kelmoqda.
Xullas, shunaqa gaplar. Biz yaxshisi o'z o'yinimiz haqida o'ylay qolaylik. Qolgan to'rtta uchrashuvda ijobiy natija qayd etib, kamida ikkinchi o'rindan pastga tushmasak - marra bizniki. Shunda KXDR terma jamoasining uy uchrashuvini qaerda o'tkazishi-yu, BAA qancha ochko to'plaganining umuman ahamiyati qolmaydi.
X.Xoliqov.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar
11 ўйин, 11 ғалаба
тўплар нисбати
42-7
Турнир бошланмасдан хамма асосан жогкуяр журналистар Катар хаммани сотиб олади у килади бу килади миш миш таркатганди нима булди хеч нарса булмади энди хамма Баа у килади Бу килади деб миш миш таркатиляпти
Энг емони кхдр хамма уйинларни уйнаши керак агар уйнамаса 6 очкомиз осмонга учиб кетади шу тугрисидаги уйлаш керак