Hamma uchun sevimli Mirjalol!
17 sen 12:52
Yangiliklar
Hozir mahalla futbolida, maktabda yoki akademiyalarda yaxshi o'ynaydigan bolakaylarga turli o'yinchilarning familiyasini laqab qilib qo'yishadi: Messi, Ronaldu, Neymar, Mbappe, Kante va hokazo.
Mening yoshlik paytlarim esa jahon futbolidan faqat ikki nomga mengzalardi yaxshi o'ynaydiganlar: Pele va Maradona. Bundan tashqari, yosh bolakay paytlarim yana bir nom bor edi-ki, maktab va mahalla futbolida yaxshi o'ynaydigan bolalarni uning ismi ila chaqirishardi. Uning ismi yuqoridagi ikki afsona Pele va Maradonadan ko'ra ko'proq qo'yilardi laqab qilib. Bu ism - Mirjalol!
Siz taraflarda qanday bo'lgan bilmayman, lekin mening maktabim va mahallam taraflarda yosh bolakaylarga Mirjalol deb laqab qo'yishardi. Pele yoki Maradona deb emas. Maradona laqabi Mirjalol Qosimovning o'ziga mengzalardi - o'zbek Maradonasi!
Yoshligimizda u hamma futbol ishqibozlari uchun Mirjalol edi. Futbol sohasida ishlay boshlaganim va afsona bilan mashg'ulotlar, o'yinlar, matbuot anjumanlarida yuzma-yuz kela boshlaganimdan keyin Mirjalol akaga aylangan. Ungacha u kishi men uchun ham Mirjalol bo'lgan. U butun xalq uchun sevimli Mirjalol bo'lgan. Otam, dodam, turli qarindoshlar bilan futbol haqida suhbat ketganda hamma doim Mirjalolni maqtardi, uning jarima zarbalari haqida futbol ko'rmaydiganlar ham eshitgan bo'lardi. O'sha paytlar ko'pchilik Mirjalolning o'yinini ko'rish uchun stadionga tushardi, men ham.
Bolalik paytlarim otam va onamdan nega meni ismimni Mirjalol deb qo'ymagansizlar deb so'raganim hamon yodimda. Familiyam Qosimov ekanligini yaxshi bilasiz. O'sha yosh bola paytlarim agar ismim Mirjalol bo'lganda hozir men ham Mirjalol Qosimov bo'lgan bo'lardim deb o'ylardim. Ism familiyam afsona bilan bir xil bo'lishining o'zi men uchun ulkan yutuq va sharafdek ko'rinardi.
Tavallud ayyom muborak, afsona!
O’xshash yangiliklar

Fikrlar