

Tadbirni Farg'ona viloyati hokimining birinchi o'rinbosari Mirzohid Ubaydullaev ochib berdi.
U jamoadagi o'zgarishlar, tarkib va murabbiylar shtabi haqida to'xtalib, bo'lajak mavsumda "Qo'qon-1912"dan katta natijalar kutilayotganini ma'lum qildi. Shuningdek, yuqori maqsadlarga erishish yo'lida viloyat hokimligi tomonidan maksimal yordam ko'rsatilishini, shuningdek, viloyatda sportga va xususan, futbolga qaratilayotgan ulkan e'tiborni alohida ta'kidladi.
Shundan so'ng, Qo'qon shahri hokimi Marufjon Usmonov so'zga chiqib, Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovga o'z minnatdorchiligini bildirdi. Shahar hokimi joriy yilda jamoa oldiga yuksak vazifalar qo'yilganini va bu yo'lda viloyat hamda shahar hokimliklari yaqindan ko'mak berishini qayd etdi. U "Qo'qon-1912" mamlakatning eng qadimiy klubi va Qo'qon futbol vatani ekanligini eslatib, jamoadan chiroyli o'yinlar va g'alabalar orqali muxlislarni xushnud etishni so'radi.
Marosim davomida tarkibga yangi kelib qo'shilgan futbolchilar ommaga tanishtirildi:
G'ulom-Haydar G'ulyamov - 21-raqam
Farhod Sohibjonov - 17-raqam
Silvanus Nimeli - 11-raqam
Toma Tabatadze - 22-raqam
Javohir Sidiqov - 7-raqam
Shohruh Mahmudhojiev - 70-raqam
Alper Aleksandrov - 47-raqam
Muhammadziyo Adhamjonov - 2-raqam
Jamoa bosh murabbiyi Andrey Shipilov Tojikiston va Turkiyada olib borilgan mavsumoldi tayyorgarlik jarayonlari yuqori saviyada o'tganini ta'kidlab, yaratilgan sharoitlar uchun rahbariyatga tashakkur izhor qildi. Murabbiy yangi tarkibga ishonchi komil ekanligini va "Qo'qon-1912" hech kimdan hayiqmaydigan jamoa bo'lib shakllanganini aytib o'tdi. Shuningdek, u muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berarkan, jamoa hujumkor futbol namoyish etishini, Superliga va O'zbekiston kubogida yuqori natijalarni ko'zlayotganini hamda ishqibozlar uchun ochiq mashg'ulotlar tashkil qilinishini ma'lum qildi. U fan-klubdan mavsum davomida jamoani tinimsiz qo'llab-quvvatlashni so'radi.
Jamoa yetakchilaridan biri Iqboljon Malikjonov futbolchilar nomidan so'zga chiqib, bildirilgan ishonch va yaratilgan sharoitlar uchun viloyat va shahar rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi. U maydonda muxlislarni xursand qiladigan mazmunli o'yin ko'rsatishga vada berdi.
Tadbir davomida viloyat hokimining birinchi o'rinbosari Mirzohid Ubaydullaev, Qo'qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, "Qo'qon universiteti" rektori G'ofurjon Zohidov hamda fan-klub rahbari Qahramonjon Isroilovlarga jamoaning esdalik liboslari topshirildi.
Marosim futbolchilar va ishqibozlar ishtirokidagi esdalik fotosessiyasi bilan ko'tarinki ruhda yakunlandi.





























