Urugvaylik himoyachidan keyin "Dinamo"ni yana bir futbolchi tark etishi mumkin

Оқил Абдубарноев
2 may 2026, 20:20
U bosh murabbiyga klubdan ketmoqchi ekanligini aytgan.

Samarqandning "Dinamo" klubida yuzaga kelgan moliyaviy muammolar sababli tarkibda jiddiy o'zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, urugvaylik legioner Mauro Brasil klubni rasman tark etgan bo'lsa, jamoaning yarim himoyachilaridan biri Xislat Xalilov ham jamoadan ketish istagini bildirgan.

Mauro Brasilning ketishi va moliyaviy inqiroz

Urugvaylik himoyachi Mauro Brasil moliyaviy kelishmovchiliklar, xususan, maoshlarning o'z vaqtida to'lanmaganligi sababli klub bilan xayrlashgan. Jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov ushbu holatga shunday izoh berdi:

"Legionerlar bekorga kelmagan, pul ishlash uchun kelgan. Tekinga kim futbol o'ynaydi? Uning agenti bizga xat yozdi, pul qachon bo'lishini so'radi, bizdan esa javob yo'q. O'yindan oldin maydonga tushmasligini aytdi va kyetib qoldi. Menimcha, FIFAga murojaat qilsa kerak. Vaziyat nima bo'lishini kutamiz."

Ma'lumot o'rniga, Mauro Brasil O'zbekiston chempionati tarixidagi ilk urugvaylik legioner sifatida tarixga kirgan edi. Uning FIFAga murojaat qilishi ehtimoli yuqori ekanligi "Dinamo" rahbariyati uchun katta muammo tug'dirishi mumkin. Odatda, FIFA bunday holatlarda futbolchining foydasiga qaror chiqarib, klublarga nisbatan transfer taqiqi yoki yirik jarimalar kabi jiddiy sankciyalarni qo'llaydi.

494622.jpg

Xislat Xalilov atrofidagi vaziyat

Shuningdek, mahalliy futbolchilar o'rtasida ham norozilik kayfiyati sezilmoqda. Jamoaning kreativ yarim himoyachisi Xislat Xalilov bosh murabbiyga jamoani tark etish niyatida ekanligini ma'lum qilgan. So'nggi turlardagi bosim va muxlislarning etirozlari bunga asosiy sabab bo'lgan bo'lishi mumkin. Vadim Abramov bu borada o'z poziciyasini shunday tushuntirdi:

"Xislat Xalilovga kelsak, u oldimga kelib ketmoqchi ekanligini aytdi. Men hech kimni qolishga ko'ndirmoqchi emasman. Oxirgi bahsda unga nisbatan hayqiriqlar bo'ldi, balki shunga ketmoqchidir. Jamoada o'zini emas, butun kollektivni o'ylash kerak. Futbolchi o'ynashni xohlamayapti, mayli xohlamasin."

photo_2026-05-02_18-49-48.jpg

Xalilov joriy mavsum ham asosiy tarkibdagi o'rnini boy berdi. U 6 o'yinda jami 113 daqiqa to'p tepib, bitta golli uzatma amalga oshirdi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia