20 yoshli hujumchi, 21 yoshli darvozabon, 22 yoshli himoyachi va 53 yoshli murabbiy. Superligada 8-turning eng yaxshilari

Narzulla Saydullayev
22 may 2024
Championat.asia sayti O'zbekiston Superligasi 8-turining eng yaxshilarini aniqladi.

"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra, 8-turning eng yaxshi darvozaboni - Vladimir Nazarov ("Paxtakor").

"Paxtakor" bu tur Jizzaxda "Dinamo" mehmoni bo'ldi va 1:1 hisobida durang o'ynadi. Uchrashuv davomida Samarqand klubi katta tashabbusga ega bo'ldi va ko'plab hujumlar uyushtirdi, Nazarov 6 marta jamoasini goldan qutqardi. Shu tariqa Vladimir Nazarov turning eng yaxshi darvozaboni bo'ldi.




"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra, 8-turning eng yaxshi murabbiyi - Mirjalol Qosimov (OKMK).

Mirjalol Qosimov boshichiligidagi OKMK bu tur o'z maydonida "So'g'diyona"ni 5:3 hisobida taslim qildi. Bahs davomida mehmonlar hisobda oldinga chiqib olishdi, ammo Qosimovning o'zgartirishlaridan keyin olmaliqliklar kambek qilishdi va irodali g'alabani nishonlashdi. Shu tariqa, Qosimov 8-turning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.




"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra, 8-turning eng chiroyli goli muallifi - Ahmadillo Muqumjonov ("Olimpik").

"Olimpik" mazkur tur Qarshida "Qizilqum" mehmoni bo'ldi. Uchrashuvning 53-daqiqasida mehmonlar himoyachisi Ahmadillo Muqumjonov jarima to'pini ajoyib tarzda raqib darvozasiga joylab qo'ydi. Aynan mana shu gol 8-turning eng chiroyli goli deb topildi.

GOLNI TOMOSHA QILISH




"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra, 8-turning eng yaxshi futbolchisi - Ali Abdurahmonov (OKMK).

OKMKning "So'g'diyona" ustidan qozongan g'alabasiga zaxiradan maydonga tushgan Ali Abdurahmonov katta hissa qo'shdi. 65-daqiqada o'yinga qo'shilgan Abudrahmonov ikkita gol urdi va jamoasini g'alaba sari etakladi. Shunday qilib, Ali Abdurahmonov Superligada 8-turning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.




Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia