AGMK bosh direktori Bahodir Mirzaev: "Eng muhimi mavsumni g'alaba bilan boshlash"

Mirjalol Normatov
8 fev 2023
AGMK jamoasi qur'a yakunlariga ko'ra dastlabki turni Toshkentda "Surxon"ga qarshi o'tkazadi. Ushbu jarayon haqida AGMK bosh direktori Bahodir Mirzaev fikrlarini bildirdi.

"Qur'a AGMK uchun yaxshi o'tdi, deb o'ylayman. Mavsum davomida har bir jamoaga qarshi uy-safar tizimida o'ynaymiz. Birinchi turda "Surxon"ga qarshi o'yinni "Paxtakor" stadionida o'tkazamiz. Katta ehtimol bilan "Bunyodkor" bilan bahs ham shu arenada bo'ladi. Bu paytda "Bunyodkor" stadionida U-20 Osiyo kubogi o'tadi. Uchinchi turga kelib Osiyo kubogi guruh bosqichi, chorak final o'yinlari yakunlanib yarim final bahslari boshlanadi. Natijada "Jar" stadioni bo'shaydi. Mazkur arenada AGMK mezbon sifatida "Olimpik"ka qarshi o'ynaydi. Umuman dastlabki turlarda yaxshi raqiblar tushdi. Ketma-ket raqobatchilar bilan o'ynamayapmiz. Teng taqsimlangan holatda keldi. Mavsumni chiroyli va muhim g'alaba bilan boshlash istagidamiz. Chunki bu turlardagi g'alabalar maqsad sari jiddiy intilishda futbolchilarga dalda bo'ladi. 

"Surxon"ga kelsak, ular yangidan shakllanyapti. Bu jamoa haqida nafaqat menda, boshqalarda ham to'liq tasavvur bo'lmasa kerak, deb o'ylayman. "Surxon" "Olimpik" yo'lidan borib yoshlarga e'tibor qaratmoqda. Termizliklar biz kabi yangi mavsumga Antaliyada tayyorgarlik ko'rmoqda. Ularni o'yinlarini kuzatamiz. Murabbiylar tomonidan o'rganiladi. Eng muhimi startni g'alaba bilan boshlash. Qolgan natijalarni tayyorgarligimiz, ko'rsatadigan o'yinimizdan kelib chiqib bilib olamiz", - deydi Bahodir Mirzaev.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia