So’nggi yangiliklar

22:46Андрес Иньеста 2010 йилги "Олтин тўп" ҳақида гапирди  3 22:05Ҳарри Магуайр бир неча ҳафтага сафдан чиқди  0 21:29Серхио Агуэро "Барселона"ни судга берди  4 21:03Асрор Алиқулов: "Қўқон-1912"га қарши дуранг унчалик ҳам ёмон натижа эмас"  0 20:38Шомуродов, Ўрунов, Юсупов, Файзуллаев ва Ҳусанов ҳам машғулотларга киришди ГАЛЕРЕЯ  25 20:11Мбаппе – "Реал"нинг сентябрдаги энг яхши футболчиси  3 19:33Гравенберх: "Слот ўз кучимга ишонишимга ёрдам бермоқда"  0 19:03Элдор Шомуродов: "Эронга қарши ўйин, Қирғизистонга қарши баҳсдан осонроқ бўлади"  29 18:31ПРО-Лига. "Қўқон-1912"га қарши баҳсда "Машъал" сўнгги дақиқаларда мағлубиятдан қутулиб қолди  8 17:53Эдер Милитао яна жароҳат олди  4 17:24"Барселона" эътиборини "Лилль" ҳимоячисига қаратди  3 16:53Артета Кай Хаверцнинг сирини ошкор қилди  2 16:28Эрон терма жамоаси делегацияси Тошкентга етиб келди  23 15:55Жанлуижжи Доннарумма: "Танқидлар билан ишим йўқ"  0 15:10Руни: "Эрик тен Хаг – ажойиб мураббий, аммо ҳозир қийин даврни бошдан кечирмоқда"  1

Moziyga qaytib... SHijoat Yangiliklar

Moziyga qaytib... SHijoat

Biz hamisha o'z yo'limizni mo'tadillik asosiga qurib olganimizni takidlab kelganmiz.

SHijoat
(“Odamlar orasida” gazetasining 2007 yil 7 iyun sonidan olingan).


Biz hamisha o'z yo'limizni mo'tadillik asosiga qurib olganimizni takidlab kelganmiz.

Ana shu vazmin yo'l vaziyatlarga xolis nigoh tashlashga imkon beradi. Bugun siz azizlar bilan birgalikda bir so'zning manosini o'rganishga kirishamiz. U so'zning nomi SHIJOAT deb ataladi. SHijoat so'zini o'rganishimizning boisi bor: uni ko'pchilik umuman boshqacha tushunar ekan. Mo'tamad lug'atlarga qaraydigan bo'lsak, shunday tariflarni topamiz: «Jasurlik bilan qo'rqoqlik o'rtasidagi yo'l, yani bosiqlik bilan vaziyatga munosib baho berish!!!»

Mana shu holat har bir insonga zarur hisoblanadi. CHunki ko'p insonlar shijoatni noto'g'ri talqin qilib, uni tap tortmaslikka o'xshatishadi. SHijoatli odamni olovning ichiga ham o'ylanmay kirib ketadigan inson sifatida tasavvur qilishadi. Aslida, shijoatli odam o'sha olovning ichiga kirishi kerak bo'lib qolsa ham, bor ehtiyotkorligini ishga solishi kerakdir. Agar shu ishni maromiga etkazib bajarsa, uni shijoatli odam deyishimiz mumkin. Aks holda, u laqma va landovur kimsa sanaladi.

Bugungi kun odamlarining aksari shijoat manosida ish yuritishmaydi. Kimdir haddan tashqari qo'rqoq, kimdir esa meyordan ziyod botir. O'rtadagi muhim holat ko'tarilgan. Natijada, ko'pchilik shijoatli bo'lishdan cho'chib qolgan. SHijoat haqida gap ketganida, o'zini eshitmaslikka oladi. SHijoatning nomini «olovga indamasdan kirib ketish» deb tushunadi.

Televidenieda ishlab yurgan kezlarim... Ko'pchilik, telejurnalistlarning saviyasi haqida gapirar ekan, ularning shijoatli emasligidan nolishardi. O'zim ham shular safida «o'ta qo'rqoqman» degan xulosaga kelib qolgandim. Biroq, bir kuni «FIFA» degan ko'rsatuvni efirga uzatishimiz bilanoq ko'nglim bir yorishgandek bo'ldi. CHunki ko'rsatuvda ancha jiddiy muammolar ko'tarilgan, mehmonlar ham, ishtirokchilar ham o'z fikrlarini bemalol aytishga muvaffaq bo'lgan edilar.

Ko'rsatuv efirga ketdi. Uyda oila azolarim bilan tomosha qildim. Xursand bo'lib o'tirganimda, birinchi bo'lib OTAMdan gap eshitdim: «Oddiyroq ko'rsatuv qilsang bo'lmasmidi?»

Ertasi kuni futbolga juda qiziqadigan qo'shnim dashnom berdi: «Yaxshi chiqdi-yu, senga shu zarurmi?»

Uchinchi etirozni do'stlarim bilan choyxonada o'tirganimda tingladim: «Ortiqcha dahmazani nima qilasan?»

O'sha choyxonadan uyga qaytar ekanman, uch-to'rt yosh kichik qo'shnim chiqib qoldi va menga kutilmaganda: «Nega bizning telejurnalistlar xorijdagidek faol emas?» deb savol berib qoldi. Men unga uch kun ichida bo'lib o'tgan voqealarni aytib berdim-da, davomidan tushuntirdim: «O'zbekiston televideniesida ishlayotgan hamma jurnalist xuddi menga o'xshab o'zbeklar mahallasida voyaga etgan. Ularning xuddi mendaka ota-onasi, qo'shnisi va do'stlari bor. Dalda bo'lish o'rniga, hamma tomondan «qo'ysang-chi» degan dashnom yangrab tursa, jurnalist ham oxiri charchaydi. Bor-e, deydi-da, oddiyroq ko'rsatuv qilishga o'tadi. Sih ham, kabob ham kuymaydigan lavhalar berishga tushadi. Aslida, buyuk ishlar birgina shaxsga bogliq emas, balki jamiyatning xohishi bilan yuzaga kelishini ko'pchilik ham anglayvermaydi»

«Oldinlari eng yaxshi vaqt hisoblanadigan kechki to'qqizlarda oynai jahon orqali qiziqarli ko'rsatuvlar va saviyali filmlar berilardi. Hozir esa qo'shiqchilarning bo'lar-bo'lmag'ur kliplari... SHu narsaga chek qo'ysanglar bo'lmaydimi?» Ushbu taklif ohangidagi savol ham ko'p beriladi bizga. Bir kun taksida bir amaki qo'ymasdan TVni tanqid qilaverdi, qo'shiqlar ko'payib ketganini takidlayverdi. Oxiri sherigim so'radi: «Aka, o'sha siz aytayotgan qo'shiqlarni efirga chiqarish uchun qo'shiqchi rosa yugurgan. Anchagina pul sarflagan. To'g'rimi? Yaxshiroq kliplarni tayyorlash va uni efirga uzatish uchun ketgan katta pullarni u qaerdan olyapti, deb o'ylaysiz? Albatta, to'ydan-da. To'yni kim qilyapti? Ha, barakalla, xalqimiz qilyapti. Oldin uy to'rida qorilar o'tirishardi, hozir xonandalar... Bir mullaga bergan besh ming so'mini gapiradi-yu, falon qo'shiqchi uchun sarflagan besh yuz ming so'm haqida mulohaza qilmaydi. Demak, to'ylarning shaydosi bo'lgan xalqimizning o'zi oynai jahonda tomosha qilayotgan qo'shiqlarining homiysi bo'lib qolyapti. SHu bois, iltimos, hamma masalada TVni ayblayvermang!»

Mana shu voqealarni yodga olar ekanman, Aziz Nesinning bir hikoyasi yodimga tushib qoldi. Asar bir mushukning uydan miyovlab otilib chiqishi bilan boshlanadi. Mushukni uy bekasi haydab yuboradi. Yozuvchi oddiy xonadonda bo'lib o'tgan voqeaning rahbarlarga bog'liq ekanligini tushuntiradi: «Agar vazirning kayfiyati yomon bo'lmaganda, shu mushuk uydan otilib chiqmasdi. Ishonmaysizmi, eshiting bo'lmasa! Vazir jahl bilan o'rinbosarini koyidi, o'rinbosar alamini xodimidan oldi. Xodim uyiga kelib xotiniga o'shqirdi. Xotin nima qilsin, oshxonada timirskilanib yurgan mushukni quvdi. Ko'rdingizmi, - deydi yozuvchi, - kuchli tasir hatto mushuklarni ham chetlab o'tmaydi!»

O'zimizni o'rgata olmagan bo'lsak ham, endi umidimiz sanalgan farzandlarimizni shijoatli qilib tarbiyalaylik. Ularga ota-onamiz bizga o'rgatgani singari, «ko'chada ikkitasi janjallashayotgan bo'lsa, aralasha ko'rma, bolam, darhol uyga qayt!» deb emas, «ularning o'rtalariga tush-da, ajratib qo'y» degan talimni beraylik. SHunda shoyad ana shu shijoatli farzandlar ichida tarbiya topajak jurnalistlar ham bemalol, baland pardalarda so'zlash shuuriga ega bo'lishsa!


Xayrulla HAMIDOV

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика