JCH yilida PFL rejalarida o'zgarishlar bo'lishi mumkin: tashkilot 3 ta variantni ilgari surdi
04 avg 14:25
Yangiliklar


JCH yilida PFL rejalarida o'zgarishlar bo'lishi mumkin: tashkilot 3 ta variantni ilgari surdi
"O'z navbatida, Liga taqvim reja ishlab chiqayotganda mazkur masalani inobatga olishi lozim.
Shu yilning 31 iyul sanasiga qadar biz FIFA ish rejasiga futbolchilarni rasmiy musobaqalar uchun ro'yxatdan o'tkazish davrini yuklashimiz lozim edi. Shundan kelib chiqib, 2026 yilgi mavsum uchun qishki transfer oynasi shu yilning 5 dekabr sanasida ochilib, u kelasi yilning 20 fevraliga qadar davom etishi belgilandi. Navbatdagi yozgi transfer oynasi esa 22 iyundan boshlab 24 iyulga qadar davom etadi.
Malumki, kelasi yilning 1-9 iyun sanalari FIFA kunlari sifatida belgilab qo'yilgan. Mundial esa 11 iyun kuni start olib, 19 iyulga qadar davom etadi. Musobaqaning guruh bosqichi 27 iyun kuni yakuniga etadi. Shundan kelib chiqilsa, O'zbekistonda iyun oyida davomida odatdagi tartibda rasmiy uchrashuvlar o'tkazishda cheklovlar bo'lishi mumkin. Reglamentga ko'ra, milliy terma jamoaga uch va undan ortiq futbolchisi jalb etilgan klub rasmiy uchrashuvni ko'chirishni so'rab Ligaga murojaat qilishi mumkin. Ayni vaqtda qaysi klub bilan bunday holat yuz berishi Ligaga malum emas. Qolaversa, terma jamoa ustozlari iyun oyidagi FIFA kunlarida kengaytirilgan tarkib bilan mashg'ulot o'tkazishi ehtimoli mavjud. Jahon chempionati davom etayotgan bir vaqtda milliy chempionat o'yinlarini o'tkazish esa mantiqqa to'g'ri kelmaydi.
Shundan kelib chiqilsa, bizda uch variant mavjud:
• "Superliga va Pro liga reglamenti" 10.9-bandiga o'zgartirish kiritish hamda iyun oyidagi FIFA kunlari davomida hech bo'lmaganda O'zbekiston Kubogi musobaqasini davom ettirish hamda o'rtadagi katta tanaffus muddatini biroz qisqartirish (Afrika Millatlar Kubogiga 3 nafardan ko'proq futbolchisini yuborgan APL klublari rasmiy uchrashuvlarda davom etadi);
• iyun-iyul oylarida katta tanaffus elon qilib, mavsumni avgust oyidan boshlab davom ettirish va Kubok formatiga o'zgartirish kiritish;
• iyul oyining ekvatoridan boshlab mavsumni davom ettirish, katta tanaffus muddatini biroz qisqartirish va barcha musobaqalarni o'z formatida qoldirish.
Mazkur masalalar Liga va klublar ishtirokidagi yig'ilishda o'zaro hal qilinadi. Shu xususda Liga bir qator mutaxassislar, jumladan, Ro'ziqul Berdiev, Mirjalol Qosimov, Timur Kapadze, Vadim Abramov kabil mutaxassislar fikri bilan qiziqdi. Va albatta qolgan klublar ham bu borada o'z takliflari bilan ishtirok etadi.
Ayni vaqtda 2026 yilgi mavsum uchun ishchi taqvim reja ishlab chiqilgan bo'lib, unga ko'ra musobaqa fevral oyining so'nggi kunlarida start olishi va may oyi yakuniga qadar Superliganing 15 ta tur uchrashuvlari o'tkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqaning start olishida "Nasaf" va "Andijon" klublarining o'zi ishtirok etayotgan xalqaro musobaqalar guruh bosqichidagi ehtimoliy muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizligiga etibor qaratiladi. Shuningdek, yozgi transfer oynasi ochilgunga qadar Superliganing teng yarmi ortda qolishiga etibor qaratiladi.
Mazkur holatda Kubok formatini o'zgartirishga ehtiyoj tug'iladi. Unga ko'ra, guruh bosqichi bekor qilinadi, Superliga va Proliga klublari 1/16 finaldan etiboran qo'shiladi. Bunda har bir bosqichda jamoalar faqatgina bitta o'yinda maydonga tushadi, mag'lub jamoa musobaqani tark etadi. Boisi, mavsumning ikkinchi yarmida ham xalqaro taqvimning zichligi ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Jumladan, FIFA kunlari shu vaqtga qadar 9 kunni tashkil qilgan bo'lsa, 2026 yilning sentyabr va oktyabr oyiga reja qilinishi kerak bo'lgan FIFA kunlari qo'shib yuborilgan va u umumiy 16 kundan iborat bo'ladi. Shundan kelib chiqib, Superliga klublari bu vaqt oralig'ida qo'shimcha yana 18-20 kunlik tanaffusga chiqishiga to'g'ri keladi. Shularni inobatga olib, Liga taklif qilayotgan taqvimda Superliganing 2026 yilgi mavsumi 30 noyabrga qadar nihoyasiga etishi rejalashtirilgan. O'zbekiston Kubogining yarim finaliga qadar etib kelgan 4 ta klubgina dekabr oyida ham rasmiy uchrashuvlar o'tkazishiga to'g'ri keladi.
Sir emaski, Liga Kubok finallariga so'nggi yillarda katta etibor qaratib keladi. Buning uchun final ishtirokchilari avvaldan aniqlab olinishi va reja shu asosda olib borilishi muhim. Biroq 2026 yilgi ishchi rejada bu biroz murakkab hisoblanadi (Kubok yarim finaliga qadar etib kela olmagan klublarning mavsumni ertaroq yakunlashi masalasi ham bor). Shundan kelib chiqib, yarim final va finaldan joy olgan umumiy 3 ta bellashuv markazlashgan tarzda — final bosqichi maqomida o'tkazilishi mumkin. Yani, yarim finalga qadar etib kelgan barcha 4 ta klub final bosqichi uchun bir shaharda to'planadi. Finalga oid tadbirlarning barchasida mana shu klublar umumiy ishtirok etadi, bundagi barcha masalalar Liga tomonidan olib boriladi.
Mazkur mavzu jamoatchilik muhokamasi uchun qo'yilayotgan bo'lib, avgust oyi yakunida Liga barcha klublar ishtirokida yig'ilish o'tkazadi va yuqoridagi masalalarni ular bilan kelishadi. Klublar o'z taklifini ishlab chiqishi uchun etarli vaqt bo'lishi, shuningdek, kelasi yilga mo'ljallangan taqvim Associaciyada ham tahlil qilinib, tashkilot bu borada o'z fikr va mulohazalari bilan ishtirok etishi Liga uchun muhim hisoblanadi. Bu, o'z navbatida, Associaciya milliy terma jamoaning kelgusi yil uchun rejalarini tezroq ishlab chiqishi va ehtimoliy shoshilinch o'zgarishlarga yo'l qo'yilmasligida asqatadi", – deyiladi xabarda.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar
Bemani fikr